Qurol savdosiga doir yangi xalqaro bitim ustida harakatlar

  • Amerika Ovozi

Afrika mamlakatlariga noqonuniy yo'llar olib kelingan qurol-aslaha sababli harbiy mojarolar davom etmoqda.

Mana bir necha yildirki xalqaro hamjamiyat dunyo bo’ylab qurol-aslaha savdosini nazorat qiluvchi bitim ustida ishlamoqda. Muzokaralar 2012-yilda yakunlanishi kerak.

2006-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti 61/89 raqamli rezolyutsiyani qabul qilib, global qurol savdosiga doir muzokaralar boshlanishiga yo’l ochib bergan edi.

Hozirga kelib hujjatni 100 nodavlat tashkiloti qo’llab-quvvatladi. Ulardan biri - Kichik qurollar bo’yicha G’arbiy Afrika tarmog’i. Tashkilot rahbari Bafor Amoa bitimdan ko’zlangan maqsadlar haqida gapiradi.

“Qurol-aslaha kontrabandasi bilan shug’ullanuvchi guruhlarga zarba bergan bo’lardik. Kelishuvga erishsak, qurolni pora yordamida bir joydan boshqa joyga ko’chirish qiyinlashadi. Eksport qiluvchi davlatlar esa urush zonalariga aslaha sotishda ehtiyotkor bo’ladi, bu esa tinchlikparvar missiyalar uchun yangi imkoniyat”.

Pirovardida, odamlar hayotini saqlab qolamiz, deydi suhbatdosh.

Bafor Amoa Liberiya va Syerra Leone kabi mamlakatlarda kechgan fuqaro urushini, asoratlarini o’z ko’zi bilan ko’rgan. Yangi bitimga katta umid bilan qaraydi, chunki bunday urushlar alangasiga o’tin tashlab turadiganlar aynan qurol-aslaha kontrabandasi bilan shug’ullanuvchi shaxs va guruhlardir.

O’tgan yili Viktor But ismli rossiyalik tadbirkor Taylandga raketalar va boshqa turdagi qurol sotishga uringanlikda aybdor deb topilib, ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Dunyoning turli urush zonalariga noqonuniy ravishda tonnalab qurol-aslaha yetkazgan Viktor But sud zalida

AQSh va Tayland politsiyasi tomonidan hibsga olingan But hozirda Nyu-York qamog’ida jazo o’tamoqda. Unga G’arbiy Afrikada qonli mojarolar alanga olishiga hissa qo’shganlik aybi ham qo’yilgan edi, biroq buni isbotlash uchun dalillar yetmadi.

Bafor Amoa fikricha, Viktor Butning mintaqadagi qudrati katta bo’lganiga shubha yo’q.

“Nigeriya yoki Fil Suyagi Qirg’og’i kabi mamlakatlarda topilgan zamonaviy qurol-aslaha shundan dalolat beradiki, noqonuniy mahsulotni bir joydan boshqa joyga bemalol olib o’tgan taraf bo’lgan. Viktor But va uning biznes hamkorlari yetkazib bergan”, - deydi Kichik qurollar bo’yicha G’arbiy Afrika tarmog’i rahbari.

Qurol nazoratiga doir bitim loyihasini yirik eksportyor mamlakatlar ham qo’llab-quvvatlashiga umid bor. Lekin muzokaralar hali davom etmoqda.

AQSh Davlat Kotibasi Xillari Klintonning ta’kidlashicha, Qo’shma Shtatlar ko’p tomonlama va hamma uchun majburiy kelishuv qabul qilinish tarafdori, va bu borada ko’makni ayamaydi.