Bahrayn qiroli namoyishchilar talabiga ko'ndi

  • Amerika Ovozi

Bahrayn qiroli

Bahrayn davlat matbuotining xabar berishicha, qirol Hamad bin Iso al-Xalifa bir guruh siyosiy mahbuslarni ozod etishga buyurgan.

Bu bir haftadan oshiq vaqtdan beri mamlakatda bo'layotgan hukumatga qarshi namoyishlarda olg'a surilgan talablardan biri.

Mahbuslarning nomi oshkor etilmagan. Aksariyati shialar ekani ma'lum. Ular orasida davlat to'ntarishini rejalaganlikda ayblanib, sud qilinayotgan 23 nafar faol ham bor.

Suddan Londonga qochgan shia faollaridan biri, Haq harakati yetakchisi Hasan Mashaima mamlakatga qaytib, namoyishchilarni qo'llab-quvvatlashini bildirgan.

Namoyishlar asosan poytaxt Manamadagi Marvarid maydonida kechmoqda. Minglab namoyishchilar kechasi bilan shu yerda tunagan.