"Boko Haram" qilmishlariga musulmonlar qanday munosabat bildirmoqda?

  • Amerika Ovozi

O'g'irlangan qizlarning ozod etilishini talab qilib chiqqan namoyishchilardan biri, Abuja, 12-may, 2014-yil.

Ayollar huquqlari bilan shug’ullanuvchi tashkilot asoschisi Hibaq Osmanning aytishicha, Nigeriyada qizlarning o’g’irlanishi hodisasini qoralashda musulmonlar sustkashlikka yo’l qo’ymoqda.

300 ga yaqin yosh qizning “Boko Haram” jangari guruhi tomonidan o’g’irlanishi xalqaro maydonda keskin e’tirozlarga sabab bo’lgan bir paytda, musulmon jamiyatlarida bu haqda ko’p gapirilmadi, deydi Qohirada joylashgan tashkilot rahbari Osman.

“Qarshi bayonotlar bor, ammo ko’chalarga chiqib namoyish uyushtirilganini ko’rmadik”, - deydi u.

Buning sababi jabrdiydalarning ta’lim olish yo’lini tanlagan qizlar ekanidir, deya da’vo qiladi Osman.

“Agar ayollar huquqlariga qaraydigan bo’lsak, nafaqat musulmon jamiyatlarida, balki boshqa ko’plab jamiyatlarda ham qizlar huquqini himoya qilishga odamlar sust e’tibor berishining guvohi bo’lamiz”, - deydi huquq faoli.

O’tgan besh yil davomida “Boko Haram” Nigeriyada ko’plab qonli hujumlarni amalga oshirgan. Guruh Nigeriyada islomiy shariatning o’ta konservativ shaklini o’rnatish niyatida ekanini da’vo qiladi.

Amerika-Islom aloqalari kengashi vakili Ibrohim Huperning aytishicha, xalqaro hamjamiyat shu paytgacha bu hujumlarga ko’p e’tibor bermagan edi. Ammo hozir vaziyat o’zgardi, deydi u.

“Maktab o’quvchi qizlarining o’g’irlanishi butun dunyoni oyoqqa turg’izdi. Musulmonlar ham ko’zini ochdi. Endi ular nimalar bo’layotganidan ogoh”, - deydi u.

Qizlarning ozod qilinishini talab qilb dunyoning ko’plab shaharlarida, jumladan, Vashingtonda ham namoyishlar o’tkazildi. Huperga ko’ra, bunday chiqishlarda musulmonlar ham faol ishtirok etmoqda.

“Butun dunyo bo’ylab musulmon ulamolar, musulmon tashkilotlar hamda institutlar “Boko Haram” va u qilayotgan ishlarni keskin qoralamoqda”, - deydi u.

“Boko Haram” islom talabiga ko'ra harakat qilayotganini da'vo qiladi. Huper kabi musulmon faollariga ko'ra esa, guruh o’z jinoiy qilmishlarini islom nomi bilan yashirishga urinmoqda.