Kapitoliyda qurollangan shaxs hibsga olingan, poytaxtda vahima

  • Amerika Ovozi

Bahorda Vashingtonda sayyohlar ayniqsa ko'p. Ular qonunchilik organi joylashgan bino - Kapitoliyga intiladi.

AQSh Kongressi joylashgan Kapitoliy binosida qurollangan kishi hibsga olingan. Butun majmua bir necha daqiqaga yopilib, Vashingtonda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Hibsdagi shaxs erkak ekani ma'lum. Tekshiruvdan o'tayotganida quroli borligi aniqlangan kishi shu zahotiyoq uni ishga solgan. Bir odam yaralangan. Politsiya hujumchini nishonga olib yenggan.

Kapitoliy qubbasi ikki yildan beri ta'mirdan o'tmoqda. Lekin kompleksdan tunu kun odam arimaydi.

Vakillar Palatasi va Senat hamda ularga tegishli binolar omma uchun ochiq. Kirganda tekshiruvdan o'tasiz. Shu bois ham sayyohlar qabul qilinadigan qismda qurolli kishi yurgani vahima uyg'otib, binolardan odamlar evakuatsiya qilingan.

Ayni damda Kongress a'zolari ta'tilda, lekin ularning xizmatchilari ishda. Qolaversa, bahorda AQSh poytaxtida sayyohlar ayniqsa ko'payadi va ularning katta qismi Kapitoliyni ko'rishga boradi.

Kongressdan uncha uzoqda bo'lmagan Oq uyda ham xavfsizlik choralari kuchaytirilib, sayyohlardan imoratga yaqinlashmaslik so'ralmoqda.