Breaking News

Kongress atrofida otishma, bir kishi o'lgan, yana biri yaralangan


Vashington
Vashington
3-oktabr kuni mahalliy vaqt bilan 14:30 larda Amerika poytaxtida, qonunchilik organi Kongress joylashgan Kapitoliy atrofida o'q ovozlari eshitila boshladi.

Shaharning eng qaynoq qismi vahimaga tushib, politsiya barcha ko'chalarni yopdi va hech kim ish joyidan chiqmasin, eshiklarga yaqinlashmasin va maxsus xavfsizlik choralari ko'rilsin degan buyruq berildi. Nafaqat Kongress xodimlari, balki yaqin atrofdagi boshqa federal imoratlar va obyektlardagi xizmatchilar ham shunday ogohlantirildi. Oq uy va boshqa siyosiy idoralarda ham favqulodda choralar ko'rila boshladi.

Lekin yarim soat ichida politsiya va federal agentlar jamoatchilikni "hammasi joyida" deya tinchlantirib, favqulodda choralarni bekor qildi.

Bir avtomobil Oq uy oldida, Pensilvaniya ko'chasida qo'yilgan to'siqlarni buzib o'tishga uringan, keyin esa Kapitoliy tomonga yo'nalgan. Kapitoliy bu ko'chaning narigi tomonida. Politsiya uni quvgan, bir necha bor o'q uzilgan. Mashina Kongress yaqinida tutilgan. Rulda ayol kishi bo'lgan. Unga o'q tekkan va sal o'tmay vafot etgan. Bir zobit jarohat olgani ma'lum.

Federal agentlarning bildirishicha, haydovchi ayol 34 yoshli qora tanli amerikalik bo'lgan. Ism-sharifi hozircha oshkor etilmayapti. Ruhan kasalmand shaxs bo'lgani aniqlangan. Avtomobilda uning 1 yoshli bolasi ham bo'lgan.

Voqea terrorizm ekani haqida biror isbot-dalil yo'q, deya bildiradi Vashington politsiyasi.

Federal byudjet ma'qullanmagani bois hukumat ishdan to'xtab qolgan. 800 mingdan oshiq xizmatchi majburiy ta'tilda. Amerika bo'ylab, odamlar bir-biri bilan biror jihatdan kelisha olmayotgan qonunchilardan norozi.

Prezident Barak Obama Kongressdan davlat xarajatlari uchun zarur mablag' ajratishni talab qilmoqda.

Vakillar palatasida hukmron respublikachilar esa demokratlarga shart qo'ymoqda: yo byudjet ma'qullanadi yo 1-oktabrdan kuchga kirgan qonun, sog'liqni saqlash tizimini isloh qilishni ko'zda tutgan dastur bekor qilinadi.

Oq uy va demokratlar islohot uch yarim yil oldin tasdiqlangan va uning yangi byudjetga umuman aloqasi yo'q, deya yuqoridagi shartni adolatsiz va asossiz deb rad etmoqda.

Islohotning bir jihati shuki, u har bir amerikalikdan tibbiy sug'urta sotib olishni talab qiladi. Hukumat shu tariqa aholining sog'liqni saqlash tizimidan bemalol foydalana olishini ta'minlamoqchi.

Respublikachilar nazarida esa bu fuqaroning uzviy huquqini buzishdir, ya'ni uni sug'urta xarid qilishga majburlash - erkinlikni cheklashdir.

Qonun boshidan keskin tortishuvlarga sabab bo'lib kelmoqda. Oliy Sud uni ko'rib chiqib, konstitutsiyaga zid emas deb topgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG