Xitoyda uch kishi “terrorchi” deya o’limga mahkum etildi

  • Amerika Ovozi
Xitoy sudi uch shaxsni shu yoz Shinjon Uyg’ur muxtoriyatida ro’y bergan qonli g’alayonda ishtirok etganlikda ayblab, ularga oliy jazo belgiladi.

“Shinxua” axborot agentligi xabariga qaraganda, uch erkakka qotillik va terrorizmga aloqadorlik kabi ayblar qo’yilgan. Yana bir kishi 25 yillik qamoq jazosiga mahkum etildi.

Iyunda Shanshan okrugida pichoqlar bilan qurollangan bir to’da politsiya va hukumat idoralariga bostirib kirib, 35 kishi o’lgani xabar qilingan edi.

“Shinxua” ning so’nggi ma’lumotiga ko’ra, o’shanda 24 kishi, jumladan politsiyachilar halok bo’lgan. Xitoy hukumati voqeada musulmon ekstremistlarni ayblaydi.

Tergovchilarning aytishicha, aybdor topilgan shaxslar hujumga tayyorgarlik ko’rish uchun zo’ravonlikni targ’ib etuvchi video lavhalarni tomosha qilgan va ekstremistik ruhdagi adabiyotlarni o’rganib chiqqan.

Uyg’ur faollariga ko’ra, Shinjondagi zo’ravonliklarga aslida Xitoy hukumati olib borayotgan repressiv siyosat sababchi.