Namoyishdan so’ng ko’chalarni tozalayotgan ko’ngillilar

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh bo’ylab davom etayotgan norozilik namoyishlari shaharlarga katta ziyon keltirdi. Ko’p joylarda ko’ngillilar tozalash ishlarida qatnashyapti.

Kaliforniyaning Ouklend shahrida kechki namoyish vayronagarchilik bilan tugadi. Ertalab bir guruh fuqarolar graffitini tozalashga, singan oynalarni supurib olishga chiqishdi.

“Mahallimizga o’zimiz qaramasak, kim qaraydi”, - deydi Bola ismli ko’ngilli.

“Namoyishchilarni qo’llab-quvvatlayman. Bugun esa mahalliy biznes egalariga yordam kerak”, - deydi Absintiya Vermut ismli yana bir amerikalik. - Shuning uchun ertalabdan supurgi ko’tarib keldim. Ko’chalarni tozalab, endi bo’yashni boshladik. Keyinroq rassom kelib, devorlarga rasm tushiradi”.

Irqchilik va politsiya zo’ravonligiga qarshi namoyishlar bizneslarga katta ziyon keltirdi.

Ko’ngillilarning aytishicha, tartibsizliklardan keyin hasharga chiqish ham birdek muhim.

“Nimalar bo’layotganini kuzatyapmiz. Mahallamiz haqida qayg’uramiz. Bir ko’cha narida yashayman. Tozalash vositalarini o’zim bilan olib kelib, ishga kirishdim”, - deydi Gita.

Ba’zilar fikricha, namoyishlarning maqsadi unutilmoqda.

“Namoyishchilar, isyonchilar va talonchilar o’rtasida katta farq bor. Bu ishlardan keyin har uchalasi bir narsadek tuyulishi mumkin. Hamma ham ko’chaga chiqib duch kelgan narsani buzishga, g’azabini shu tariqa to’kib-sochishga harakat qilmaydi. Ijobiy o’zgarish tomon yo’naltirishni istaydiganlar talay”, - deydi Garret.

“Vayronagarchilik, talonchilik bu namoyishlar ko’zlagan maqsadga to’g’ri kelmaydi. Men mahallamni tozalash uchun keldim”, - deydi bir amerikalik.

Shaharda yana bir namoyish bo’lsa, mehnat natijasi zoye ketishi mumkinligini ular biladi.

“Shunday bo’lsa, ertaga yana tozalashga chiqamiz”, - deydi Garret.

Kaliforniyaning ayrim hududlarida komendantlik soati hukmron. Milliy Gvardiya safarbar etilgan.