Iqlim o'zgarishiga doir anjumanda jiddiy rejalar belgilanmoqda

  • Amerika Ovozi

Shotlandiyaning Glazgo shahrida BMTning iqlim o’zgarishiga doir xalqaro anjumani davom etmoqda. Unda ma’ruza qilgan Jo Bayden o’zidan oldingi rahbar Donald Tramp 2015-yilda bitimni tark etgani uchun AQSh nomidan uzr so’radi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 2-noyabr, 2021-yil

“Oldingi ma’muriyat Parij bitimidan chiqqani uchun uzr so’rayman, noqulay ahvolga tushib qoldik”, - dedi Bayden.

Biroq endi, dedi u, AQSh iqlim o’zgarishiga qarshi kurashda yana oldingi qatorlarda bo’lishga tayyor.

"AQSh bitimga nafaqat qaytganini, balki namunamiz qudrati bilan boshqalarga bosh bo’lishimizni dunyoga ko’rsatmoqchimiz”, - dedi Amerika rahbari.

Iqlim o’zgarishi asoratlaridan eng ko’p jabr ko’rayotgan rivojlanayotgan mamlakatlar boy davlatlardan iqlim o’zgarishiga qarshi kurashda ularga yiliga 100 milliard dollar berish va’dasiga vafo qilishga chaqirmoqda.

Bayden 2024-yildan boshlab, AQSh yiliga 3 milliard dollar ajratishga tayyor ekanini aytdi, biroq ayrim kuzatuvchilar uning va’dasiga shubha bilan qarayapti.

“Kongress uni bu tashabbusda qo’llab-quvvatlarmikan?” – deya so’raydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazidan Reychel Ellexus.

Glazgo sammitida 100 ga yaqin mamlakat iqlim o’zgarishiga yetaklovchi issiqxona gazlaridan biri bo’lmish metan chiqindilarini kamaytirishga kelishib oldi.

AQSh prezidentiga ko’ra, bunday majburiyatni o’z bo’yniga olgan davlatlar 2030-yilgacha neft va gaz sanoatlarida metan emissiyasini kamida 75 foizga qisqartirishga rozi bo’ldi.

BMT 2030-yilgacha barcha issiqxona gazlarining atmosferaga chiqarilishini 50 foizga kamaytirishga chaqirib keladi. Shundagina global haroratni sanoat davridan oldingi haroratdan 1,5 darajadan oshirmaslikka erishish mumkin.

Shuningdek, anjumanda 100 dan ortiq davlat rahbarlari 2030-yilgacha o’rmonlarni kesish va yer degradatsiyasini to’xtatishga, o’rmonlarni himoya qilish va tiklashga 19 milliard dollar ajratishga kelishib oldi.

Xususan, dunyodagi o’rmonlarning 85 foiziga ega Braziliya, Indoneziya va Kongo Demokratik Respublikasi ham bu tashabbusni qo’llab-quvvatladi.