Hillari Klintonga xorijlik donorlar bergan pullar savol ostida

  • Amerika Ovozi

AQSh prezidentligi uchun nomzod Hillari Klinton

Prezidentlik uchun saylov kampaniyasi boshlanar ekan, demokrat da'vogar Hillari Klinton xorijdan olgan ehson pullari yuzasidan savolga tutilmoqda.

Gap bu yerda asosan Klinton jamg'armasiga chet elliklar bergan mablag' va hatto sobiq Prezident Bill Klinton dunyo bo'ylab qilgan nutqlari haqida ketmoqda.

"Nyu-York Tayms" gazetasida chiqqan maqolaga ko'ra, Klinton jamg'armasi o'z kompaniyasini Rossiyaning "Rosatom" energiya kompaniyasiga sotgan kanadalik shaxsdan pul olgan. U amalga oshirgan savdoda AQShdagi eng katta uran konlaridan biri ham sotilgan.

Klinton jang'armasiga berilgan mablag'dan o'sha payt jamoatchilikning xabari bo'lmagan va oldi-berdi shartnomasi aynan Hillari Klinton davlat kotibi bo'lgan davrda Davlat departamenti tomonidan tasdiqlangan.

Stenford universitetining konservativ Huver instituti tadqiqotchisi Piter Shveyzer yozgan "Klinton puli" nomli kitobda ham bu haqda ma'lumot bor.

Klinton kampaniyasi tanqidni inkor etadi. Xonim davlat kotibi bo'lgan paytda Klinton jamg'armasi homiylari manfaatlarini himoya qilgan, degan iddaolar asossiz, deydi Brayan Fellon, kampaniya so'zlovchisi.

Oq uy matbuot kotibi Josh Ernest:

"Oq uyda har bir odam, jumladan, Prezident Obama Hillari Klintonning davlat kotibi sifatidagi xizmatidan faxrlanadi".

Respublikachilardan prezidentlik uchun da'vogarlar Klinton jamg'armasiga xorijdan kelib tushgan pullar yuzasidan turli savollarni o'rtaga tashlamoqda.

Shunga qaramay, ko'plab ekspertlar kelasi yili bo'lib o'tadigan saylovda Hillari Klinton prezidentlik uchun asosiy nomzodlardan biri bo'lishini aytadi.