"Islomiy davlat" borasida Klinton va Tramp pozitsiyalari tubdan farqli

  • Amerika Ovozi

Prezidentlikka nomzodlarning birinchi bahsida Amerikaning “Islomiy davlat” guruhiga qarshi strategiyasi asosiy mavzulardan biri bo’ldi.

Prezidentlikka nomzodlarning birinchi bahsida Amerikaning “Islomiy davlat” guruhiga qarshi strategiyasi asosiy mavzulardan biri bo’ldi. Xillari Klinton va Donald Trampning masalaga yondashuvi tubdan farq qiladi. Xo’sh, ularning qarashlari qanchalik asosli, to’g’ri?

“Bizning harbiylarimiz Iroqqa yordam berib kelmoqda. Bir yilda “Islomiy davlat” guruhini Iroqdan haydab solish niyatidamiz”, - dedi Klinton.

Amerika boshliq koalitsiya Iroqda Iroq, kurd va arab kuchlariga madad berib keladi. “Islomiy davlat” Anbar viloyatidan deyarli haydab solingan. Endi esa koalitsiya Mosul uchun yirik jangga tayyorgarlik ko’rayapti. “Islomiy davlat” aynan shu shaharni qarorgoh qilib tanlagan.

Tahlilchi va qo’mondonlar nazarida Klinton bir yillik muhlat belgilab, o’ziga ortiqcha ishonmoqda.

Mosuldagi kurd qo’mondoni Barham Aris Yosinning aytishicha, “Islomiy davlat” to’dasini Iroqdan siqib chiqarish uchun kamida uch yil vaqt kerak. Amerika yordami bunda muhim, deydi u.

“Iroq qo’shinlari diniy va etnik jihatdan juda tarqoq. Jangarilarni bir yilda yenga olishiga ko’zim yetmaydi. Amerika bu kuchlarni birlashtirishi kerak, frontda bosh vazifani bo’yniga olishi kerak”, - deydi Yosin.

Yaqin Sharq tadqiqot institutidan Dilovar Alaldin nazarida jangari guruhni Iroqda butkul mag’lub qilish uchun bir necha o’n yil ketsa ajabmas.

Tramp Klintonni “Islomiy davlat”ni mag’lub qila olmaganlikda ayblab tanqid qilib keladi. Umringiz bino bo’libdiki, kurashib kelasiz bu jangari to’da bilan, deya ta’kidladi respublikachi nomzod.

Bu asossiz ayblov. Jangari guruh Amerika qo’shinlari 2013-yilda Iroqdan chiqib ketganidan so’ng vujudga kelgan. Oradan bir yil o’tib, guruh rahbari Abu Bakr al-Bag’dodiy Iroq va Suriyada katta hududlarni bosib olib, xalifalik e’lon qilgan. Bag’dodniy bu bayonot bilan chiqqanida Klinton 66 yoshda edi.

Xillari Klinton nazarida hukumat internet kompaniyalari bilan yaqindan ishlashi kerak. Toki jangarilar global tarmoqda o’z mafkurasini yoyishining, hujumga da’vat qilishining oldi olinsin.

Obama ma’muriyatining amaldagi siyosati bilan hamohang bayonot bu. Davlat departamenti xususiy sektordagi kompaniyalar bilan ishlab, ijtimoiy tarmoqlarda ektremistik da’vatlar tarqalishining oldini olishga harakat qilmoqda. Hukumat, xususan, “Google” va “YouTube” bilan hamkorlik qilmoqda.

Donald Trampning ta’kidlashicha, Amerika Iroqning neft zaxiralarini olib qo’yganida edi, “Islomiy davlat” daromad manbalaridan ayrilar edi. “Endi esa jangarilar ham Iroq, ham Liviyada katta neft zaxiralariga ega”, - deydi respublikachi nomzod.

Trampning aytishicha, Barak Obama ma’muriyati “Islomiy davlat” nazoratidagi neft manbalarini bosib olishi kerak. Biroq xalqaro qonunlarga ko’ra, Amerika Iroqning neft manbalarini egallab olishi mumkin emas. Shu bilan birga, Qo’shma Shtatlar jangarilarning qora oltin zaxiralarini havodan nishonga olib keladi. Natijada “Islomiy davlat” anchayin daromadidan ayrildi, deydi tahlilchi Set Frantsman. U yaqinda Iroqda bo’lib, “Islomiy davlat”ning ta’sirini kuzatgan.

Chegaradagi muammolar bois neftni eksport qilish qiyin, demak undan foyda olish ham qiyin, deydi Frantsman. Uning aytishicha, bugun jangarilar qora moyga oldingiday suyanmay qo’ygan.

Liviyadagi neft manbalariga kelsak, deydi AQShning Birlashgan Arab Amirliklaridagi sobiq elchisi Deyvid Mak, “Islomiy davlat” hech vaqt Liviyadan neft olib-sotgan emas.

Tramp “Islomiy davlat” guruhini mag’lub etish uchun maxfiy reja ishlab chiqqanini uqtiradi. Klinton nazarida bu gaplar quruq safsata.

Respublikachi nomzod jangarilarni yer tishlatishga, bombardimon qilib yer yuzidan yo’q qilishga va’da bermoqda. Biroq reja tafsilotlari haqida u lom-mim demayapti. Jangarilarga sir boy bermoqchi emasman, deydi Tramp.

Donald Trampning ta’kidlashicha, “Islomiy davlat” guruhi 30 mamlakatga tarqalib ulgurgan. “Klinton Davlat kotibi bo’lgan davrda jangarilar kichik bir to’da edi. Endi esa 30 dan ziyod mamlakatda ildiz otdi. Ularni qandoq qilib to’xtatmoqchisiz”, - deya so’raydi u Klintondan.

Jangari guruh aynan qayerda faoliyat yuritayotganini aniq aytish qiyin, deydi ekspertlar. “Islomiy davlat” o’z sahifalarida 26 davlatga tarqalib ulgurganini ta’kidlaydi. Jangarilar alohida shaxslar sodir etgan xurujlarni ham uning ishi deya da’vo qilmoqda. Biroq huquq-tartibot idoralari nazarida o’rtada to’g’ridan-to’g’ri aloqa yo’q.

Olim Mara Revkinning aytishicha, jangarilar faqat Suriya, Iroq va Liviyada qaysidir ma’noda boshqaruvni, sud, politsiya ishini qo’lga olgan, xolos.