Prezident Kongress ruxsatisiz urush boshlay oladimi?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

"Amerika Ovozi" xabarlari, 31-avgust, 2013


Prezident Barak Obama Suriya yuzasidan nafaqat xorijda balki Amerikaning o’zida ham qarshilik bilan yuzlashmoqda. Ommaviy so’rovlar natijasiga ko’ra, fuqarolarning 79 foizi prezident Kongressdan ruxsat olmay Damashqqa nisbatan harbiy chora ko’rmasin degan fikrda.

Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron qanchalik undamasin, parlamentni Suriyadagi vaziyatga aralashishga ko’ndira olmadi.

Bu Oq uy uchun siyosiy signal. Britaniyadek yirik ittifoqchi uning rejalarini yoqlamayapti. Londonda Obamaning tarafdorlari ko’p, ammo qarshilar ham kam emas.

Vashingtonda Kongress 9-sentabrgacha ishga qaytmaydi, ta’tilda hozir. Shunday ekan, kelasi kunlar ichida masala ovozga qo’yilmaydi. Qonunchilardan 140 nafari, demokratlar va respublikachilar, prezidentga xat yozib, Kongress bilan maslahatlashing, demoqda.

“Qo’shma sessiyaga yig’ilib, masalani bafurja muhokama qilaylik va bir qarorga kelaylik”,- deydi respublikachi kongressmen Skot Rigell.

Oq uy Vakillar palatasi spikeri, respublikachi Jon Beyner va Senatdagi liderlar bilan aloqada va ularga so’nggi ma’lumotlarni uzatib turibdi.

Lekin Skott Rigell nazarida parda ortidagi majlislarning o’zi yetmaydi. “Kongress – parlament va mustaqil organ. Undan izn olinishi shart”,- deydi qonunchi.

Lekin prezident ayrim hollarda ruxsat olmaslikka ham haqli. Masalan ikki yil oldin Obama Liviyada Muammar Qaddafiy nazorati ostidagi obyektlarni havodan nishonga olishni buyurgan, NATO bilan hamkorlikda.

Siyosatshunos Wells Bennettning izohicha, agar AQSh manfaatlari bevosita tahdid ostida bo’lmasa, prezident bu vakolatdan foydalana olmaydi.

Ayrim qonunchilar, masalan respublikachi senator Jon Makkeyn fikricha, prezident Obama chora ko’rishi kerak. “Kimyoviy qurollar ishga solingani aniq va biz qarab tura olmaymiz”, - deydi nufuzli senator.