Cheklovlarni qachon yumshatish saylovga oid bahsga aylanmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Shtatlarni qachon ochishni avvaliga gubernatorlarga qo’yib bergan Prezident Donald Tramp endilikda xalqni karantinga qarshi namoyishlar uyushtirishga undayapti. Ayrimlar Trampni siyosiy manfaat yo’lida pandemiyadan foydalanayotganlikda ayblaydi. Uning tarafdorlari fikricha esa prezident iqtisodiy jihatdan qiynalayotgan mehnatkashlar nomidan gapirmoqda.

Pensilvaniya, Viskonsin va Michigan shtatlarida karantinni tugatishni talab qilayotgan Tramp bilan hamfikr.

“Namoyishlarga sabab ayrim gubernatorlarning cheklovlarga berilib ketganidir”, - deydi AQSh rahbari.

Buni ham ko'ring Karantin qoidalaridan norozi amerikaliklar

Bu shtatlar ko’proq demokratlarga ovoz bersa-da, 2016-yilda Trampning g’alabasiga hissa qo’shgan. Kuzgi saylovda ham ular muhim rol o’ynashi mumkin.

Tramp tarafdorlari fikricha, demokrat gubernatorlar joriy etgan haddan ziyod va o’zboshimcha iqtisodiy cheklovlarni prezident tanqid qilayotgani asosli.

“Shtatlar o’zi qaror qiladi, lekin haddidan oshganlariga Tramp shunchaki qarab turmaydi”, - deydi konservativ Noa Vaynrik.

Michiganda ayrimlar namoyishga qurol ko’tarib chiqdi. Demokratik partiyadan prezidentlikka da’vogar Jo Bayden buni qo’rqitish taktikasi deya qoralamoqda. Trampni ham nizo qo’zg’atayotgani uchun tanqid qildi.

Tanqidchilar deydiki, prezident telba-teskari qarorlari bilan, vakolatni avvaliga shtatlarga berib keyin gubernatorlarni tanqid qilishi bilan, inqiroz uchun aybni o’zidan soqit qilishga urinmoqda.

Buni ham ko'ring Tramp, Bayden va yaqinlashayotgan saylov

“Agar u Michigan singari saylov uchun muhim shtatlarning gubernatorlarini aybdor qilib ko’rsata olsa, iqtisodiy ahvol va ishsizlik uchun javobgarlikni ularga to’nkaydi, men aytgan yo’ldan borishmadi deb ayta oladi”, - deydi tahlilchi Kapri Kafaro.

Amerika koronavirus bilan kasallanganlar soni bo’yicha dunyoda yetakchi. O’lganlar 97 mingdan oshdi. Karantin sabab iqtisod to’xtab qoldi va millionlab amerikaliklar ishidan ayrildi.

Prezident Tramp bizneslarni qayta ochishga undamoqda. Mutaxassislarga ko’ra esa mamlakat odamlarni katta sonda testdan o’tkazishga, virusni yuqtirganlarni kuzatishga tayyor emas.

Ayrim siyosiy tahlilchilar fikricha Tramp bemulohaza qarorlar qilmoqda, chunki gavjum namoyishlar virus yanada keng tarqalishiga sabab bo’lishi mumkin. Bunday strategiya bilan, deydi ular, prezident inqiroz paytidagi kamchiliklarini bilvosita tan olmoqda.

“Bir tomondan, u menga ovoz bering chunki iqtisodni tiklay olaman, demoqda. Ikkinchi tomondan, shtatlar va gubernatorlarni samarali boshqara olmaganini aytayapti”, - deydi tarixchi Metyu Dalek.

Hozirda 50 shtatning barchasida iqtisodiyot qisman ochila boshlagan va bir necha nechasida koronavirusni yuqtirganlar soni yuqoriga qarab ketmoqda. Pandemiya noyabr oyidagi prezidentlik saylovlari va ovoz berish jarayoniga qanday ta’sir qilishi noma’lum.