Qonli urushlarni yoritishga tayyorlanayotgan jurnalistlar

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Urush va jurnalistika - Covering conflicts

“Islomiy davlat” Iroq va Suriyada g’arbliklarni ushlab, qatl etayotgani jahon ommasini dahshatga solmoqda. Yaqinda amerikalik Piter Kassig, o’z ismini Abdul Rahmon Kassig deb o’zgartirgan amerikalikning kallasi olindi. Yigit insonparvarlik tashkilotida ishlagan. Urush zonalariga borishdan oldin maxsus tayyorgarlikdan o’tish talab qilinadi. Lekin mojaro nuqtasida vaziyat har tomonlama qaltis. Vatanda o’rganganingiz yetmasligi mumkin.

Your browser doesn’t support HTML5

Urushni yoritib jon bergan jurnalistlar - Navbahor Imamova

Shu yilning avgust oyida amerikalik jurnalist Jeyms Foli terroristlar tomonidan boshidan judo qilindi.

40 yoshli muxbir 2012-yilning noyabrida Suriyada g’oyib bo’lgan edi. Foli bu yili turli urushlarda halok bo’lgan 42 jurnalistdan biri, deya bildiradi Nyu-Yorkda asoslangan xalqaro tashkilot – Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi.

Ellen Shiyerer Folining ustozi.

“Jim haqiqiy professional edi. Qayoqqa ketayotganini yaxshi tushunardi. Tahdid ko’lamidan xabardor edi. Jurnalist bilishi va qilishi kerak bo’lgan hamma narsa unga ma’lum edi”,- deydi professor.

Foli bu ayol dars beradigan Medill jurnalistika oliygohini bitirgan. Mojarolar, terrorizm va davlat xavfsizligi bo’yicha tahsil olgan va izlangan.

Bu dargoh taklif qiladigan maxsus kurslarda muxbirlar urushlarni yoritishga tayyorlanadi, xavf bilan yuzma-yuz ishlashni o’rganadi.

11 haftalik intensiv dastur qoplamaydigan narsa yo’q, deydi professor.

“Harbiy tizimlardan tortib, turli xil mojarolar, ular ortidagi omillar, manbalar, texnologiya… Jurnalistlarni konflikt maydoniga har tomonlama tayyorlab, keyin yo’llanma beramiz”, - deydi Shiyerer.

Shaxsiy xavfsizlik bobida ham alohida darslar o’tiladi. Talabalar amaliyot o’taydi.

Yaralanganda nima qilish kerak? O’zingizga qarashni o’rgatishadi. Safdoshlaringizga yordam berishni o’rganasiz. Alanga ichida harakat qilish sirlari bilan tanishasiz.

Tasavvur qiling: Sizga yaqin joyda bomba portladi. Boshingiz tepasida o’q uchayapti. Xavfdan qochish kerak. Sherigingiz esa yaralangan.

Sizni garovga olishdi. Nima qilasiz?

Murabbiylar shunday holatlarni boshdan kechirgan jurnalistlar.

Frenk Smit - tajribali muxbir.

“Bir hamkasbim bilan Saddam Hussayn davrida Iroqda 18 kun asirda o’tirganman. Ozodlikka chiqqanimdan keyin uzoq vaqt qiynaldim. O’zimga kelishim mashaqqatli kechdi. Lekin o’z bilganlarimni o’rtoqlashishim kerakligini tushundim. Urushni yoritish o’lim bilan o’ynashish degani”.

Metyu Shel - Iroqqa otlanayotgan jurnalist.

“Bu darslarda o’z hayotimni qanday asrash va shu bilan birga xavf ichida qanday qilib axborot yig’ish va uni uzatish sirlarini o’rganayapman. Taqdirim faqat o’z qo’limda”.

Tahdidga qaramay mojarolarni yoritishga tayyor jurnalistlar bor va hamisha bo’ladi, deydi professor Shiyerer.

“Inson dardini inson yoritishi kerak va uni boshqalar bilishi shart. Jang qilayotganlar, halok bo’layotganlar, azob ichra qolganlar…”

Urushni o’z ko’zi bilan ko’rgan jurnalist bir umrga o’zgaradi. Kimlardir jang maydonida nobud bo’ladi, Jeyms Foli singari. Bilim hammaning ham hayotini asramasligi tayin lekin unga ega bo’lish ba’zilarni qutqarishi ham haqiqat.