Yevropa yana koronavirus cheklovlari joriy etmoqda

  • Amerika Ovozi

Virus yangidan quturayotgan Yevropaning ayrim mamlakatlarida cheklovlar kuchaytirilgani sari choralarga qarshi odamlar dam olish kunlari namoyishlarga chiqdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 22-noyabr, 2021-yil

Bryusselda, masalan, emlanmagan odamlarga bar va restoranga kirish taqiqlangani omma noroziligiga sabab bo’ldi.

Niderlandiyaning Rotterdam shahrida namoyish zo’ravon tus oldi. Hukumat emlanganlik yoki kasallikdan tuzalganlik haqida spravka taqdim etish talabini qo’ydi. Natijada norozilar politsiya avtomobillariga o’t qo’ydi, posbonlar esa ularni suv va qurol bilan tarqatishga harakat qildi.

To’qnashuvlarda besh politsiyachi jarohat olgan, kamida 28 odam hibsga olingan, ba’zilar politsiya o’qidan yaralangan. Hukumat, shuningdek, Yangi yil kechasida mushakbozlikni bekor qilishi ham aholi e’tiroziga sabab bo’ldi.

Avstriyada COVID-19 dan o’lim hollari uch karra ko’paygan. Kansler Aleksandr Shallenberg fevralgacha butun mamlakat majburiy emlanishi haqida e’lon qilishi ketidan poytaxt Venada 35 ming kishilik norozilik namoyishi bo’lib o’tdi.

Aholining uchdan ikki qismi to’liq emlangan. Avstriya bu borada Yevropa mamlakatlaridan ortda ketmoqda. Hukumat lokdaun joriy etishga majbur bo’ldi.

“Bu hol 2 yildan beri davom etmoqda. Keti ko’rinmaydi. Har kuni yangi narsa o’ylab topishyapti. Kimga ishonishni bilmaysan”, - deydi bir ayol.

Avstriyaning ultra millatchi “Ozodlik” partiyasi emlashga qarshi kampaniya olib borayotgan bir tashkilot bilan birga namoyish uyushtirdi, biroq partiya rahbari koronavirusga uchrashi sabab tadbirda qatnasha olmadi.

Germaniya sog’liqni saqlash vaziri Berlindagi matbuot anjumanida kasalaxonalar COVID bemorlari bilan to’layotganini ma’lum qilib, ularning bir qismini qo’shni mamlakatlarga yuborish zarurati haqida gapirdi. Vaziyat izdan chiqdi, deydi Yuqumli kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish instituti rahbari Lotar Viler.

“Gap kichik epidemiyalar haqida emas. Epidemiya butun mamlakatni qamrab olgan. Davlat miqyosida favqulodda vaziyat bilan yuzlashayapmiz. Favqulodda choralar ko’rish kerak”, - deydi u.

Germaniya ham qo’shni Avstriya kabi umumiy lokdaun e’lon qilishi mumkin.