BMT: Qrimda inson huquqlari poymol etilmoqda

  • Amerika Ovozi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) chiqargan yangi hisobotda Rossiya Ukrainadan tortib olgan Qrim yarim orolida inson huquqlari bo'yicha vaziyat keskin yomonlashgani qayd etiladi.

Hujjatda yozilishicha, 2014-yil fevraldan 2017-yil sentabrgacha bo'lgan muddat orasida ko'plab xalqaro gumanitar va inson huquqlari bo'yicha qonunlar buzilgan.

Majburiy hibsga olishlar, odamlarning g'oyib bo'lishi, qiynoq va kamsitish holatlari ko'paygan va shikoyatlar samarali ko'rib chiqilmagan.

Bunday jinoyatlar uchun javobgarlik belgilanmagan ekan, qonun buzilishlari davom etadi, deyiladi hisobotda. Ukrainadagi Inson huquqlari kuzatuv missiyasi rahbari Fiona Freyzerning aytishicha, Rosiya Federatsiyasining Qrimdagi vakillari tanqid va norozilikni hazm qila olmaydi.

"Ayirmachilik, terrorizmga oid jinoiy va ma'muriy qonunlar har qanday farqli qarash va erkinliklarni cheklash uchun qo'llanilmoqda", - deydi u.

Minglab qrimliklar Rossiya hukmi ostida yashashdan bosh tortib, Ukrainaga qochib o'tgan. Yarimorolda qolgan va Rossiya fuqaroligiga ega bo'lmagan o'n minglab aholi qiyinchiliklar bilan yuzlashmoqda.

Ular ish topishda va sog'liqni saqlash tizimidan foydalanishda muammolar bilan yuzlashadi hamda mol-mulk va siyosiy huquqlardan mahrum qilingan, deyiladi BMT hisobotida.

Xalqaro gumanitar huquqqa ko'ra, bosib olingan hududlardan aholini majburan deportatsiya qilish mumkin emas.

Rossiya Qrimni tortib olishi ortidan AQSh va Yevropa Ittifoqining sanksiyalariga yo'liqqan. Kreml da'vosiga ko'ra, Qrim tarixan Rossiyaning bir qismi bo'lgan; 1954-yil Sovet Ittifoqi tomonidan Ukraina hududida qo'shib berilgan.