Tergov sabab Rossiyaga yangi sanksiya kechiktirildi

  • Amerika Ovozi

Vakillar Palatasi spikeri Pol Rayan va respublikachilar sardori Kevin Makkarti, Vashington, 12-iyul, 2017

AQSh Vakillar Palatasi spikeri Pol Rayanga ko'ra, yaqin kunlarda Rossiyaga qarshi keskin choralar ko'rish haqida qonun loyihasi muhokamaga qo'yiladi. Kreml 2016-yilgi saylov jarayonini buzishga uringan degan iddao ostida olib borilayotgan federal tergov sabab bu loyiha kechikdi, deydi kongressmen, lekin albatta ko'rib chiqiladi. Qabul qilinishi turgan gap, deydi Rayan.

"Rossiyaga nisbatan agressiv siyosat tarafdoriman. Unga qarshi qattiq va katta sanksiyalar qo'yishimiz kerak", - deydi spiker.

O'xshash loyiha Senatda ham rejalangan.

"Oq uy bunday choralarga qarshi chiqadi deb o'ylamayman va qarshi chiqmasligi ham kerak", - deydi demokrat kongressmen Steni Hoyer.

Tramp ma'muriyati loyihaga ayrim o'zgartirishlar kiritishni so'ragan, davlat xavfsizligi bilan bog'liq jihatlarini hisobga olgan holda. Orada murosa qilingani ma'lum.

Hoyer loyiha darhol ovozga qo'yilsin, deya undamoqda. Tegishli qo'mitalarning fotihasini olgan hujjat nega bir oydan beri stolda yotibdi, deya so'raydi u spikerdan.

Kongressmen Steni Hoyer, demokrat qonunchilar sardori
Kongressmen Steni Hoyer, demokrat qonunchilar sardori

"Kongress Rossiyaning qora ishlariga qarab o'tirmasligi lozim", - deydi demokrat senator Ben Kardin.

Uningcha, har ikkala palata sanksiyalarni tezlikda ma'qullab, choralar amalga oshirilishi kerak.

2014-yildan beri, ya'ni Rossiya Qrimni Ukrainadan tortib olganidan buyon Kremlga qarshi qator sanksiyalar joriy etilgan. Tramp ma'muriyatining bildirishicha, ularning birortasi bekor qilinmaydi. Qrim Ukrainaga qaytarilmas ekan, Moskva bu qilmishi uchun jazolanaveradi, deydi rasmiylar.

"Yangi sanksiyalar Rossiyaning Yevropa iqtisodiyotidagi rolini cheklaydi, ayniqsa energetika sektorida. Gaz va neft olib kirish imkoniyatlarini to'sadi", - deydi Alina Polyakova, Atlantika kengashidan ekspert.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG