Ozodlik uyi: Xorijda yashayotgan dissidentlar xavfdan xoli emas

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

“Ozodlik uyi” (Freedom House) tashkilotining hisobotida Xitoy, Saudiya Arabistoni, Eron, Rossiya va Turkiya kabi davlatlar qanday usullar orqali xorijdagi fuqarolarining og’zini yopishi tasvirlangan.

2018-yilning oktabrida jurnalist Jamol Qoshiqchi Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulligiga kirib, qaytib chiqmagan. Uni ichkarida o’ldirib, burdalashgan.

Qoshiqchi “chegara osha repressiya” deb atalmish amaliyot qurboni bo’ldi. Bunda boshqa mamlakatda yashayotgan dissidentlarni qo’rqitish, ta’qib qilish, “Interpol” orqali qidiruvga berish, oilalariga bosim o’tkazish, o’ldirish yoki vataniga majburan olib ketish tushuniladi.

Buni ham ko'ring "Qizil order" - Interpol ayrim davlatlar qo'lida o'yinchoq

“Ushbu fenomenning global ko’lamda ekanini tavsiflashga urindik. Ko’plab odamlar boshiga tushganini raqamlar, aniq misollar bilan ko’rsatib berdik”, - deydi “Ozodlik uyi” vakili Neyt Shenkan.

Hisobotga ko’ra, 2014-yildan beri kamida 608 ta transmilliy repressiya holati qayd etilgan, jumladan, suiqasd, o’g’irlab olib ketish, hujum, hibsga olish va noqonuniy deportatsiyalar.

Chet eldagi muxolifatchilarni yo’q qilishga bel bog’lagan, bunday taktikalarni eng ko’p qo’llaydigan olti davlat bu – Xitoy, Ruanda, Saudiya Arabistoni, Rossiya, Eron va Turkiya. “Ozodlik uyi” tahililicha, hatto taniqli dissidentlarni nihonga olishni bu hukumatlar asosli deb biladi.

“Jamol Qoshiqchining o’ldirilishidan tashqari, masalan, o’tgan yili avgustda ruandalik faol Pol Rusesabajinani chet davlatdan o’g’irlab ketishdi. O’tgan yili bir necha eronlik dissidentlar ham o’g’irlandi. Rossiya hukumati Yevropada yashayotgan chechenlarni necha martalab o’ldirgan”, - deydi Shenkan.

Yana bir misol - Lujain al-Hatlul boshdan kechirgan voqealar. Ayollarning rulga o’tirish huquqi uchun kurashgan saudiyalik faolni 2018-yilda Birlashgan Arab Amirliklarida o’g’irlab, Saudiyaga Arabistoniga olib ketishgan. U yaqinda ozod etildi.

Bunday holatlarga chek qo’yish uchun “Ozodlik uyi” G’arb davlatlarini, jumladan AQShni, odamlarga boshpana berish va deportatsiyaga doir siyosatini qayta ko’rib chiqishga undayapti.