Breaking News

Chegara osha repressiya dunyo bo'ylab keng tarqalgan holat


"Ozodlik uyi" tahliliga ko'ra, dunyo bo'ylab ko'plab hukumatlar tomonidan chegara osha repressiv choralar ko'rish avj olgan, hatto erkin deb hisoblangan jamiyatlarda ham

"Ozodlik uyi" tahliliga ko'ra, dunyo bo'ylab ko'plab hukumatlar tomonidan chegara osha repressiv choralar ko'rish avj olgan, hatto erkin deb hisoblangan jamiyatlarda ham, xususan Amerika, Kanada, Avstraliya, Britaniya va Germaniyada.

Chegara osha repressiya deganda tuzumlarning o'z hududidan tashqarida ham fuqarolarga turli yo'llar bilan tahdid qilishi, ularni o'ldirishi, noqonuniy deportatsiya qilishi, texnologik vositalar orqali qo'rqitishi, "Interpol" bilan hamkorlikda bosim o'tkazishi, oila va yaqinlariga tazyiq o'tkazib o'z talablarini bajartirishga harakat qilishi tushuniladi.

Erkinlik darajasi past mamlakatlarda rahbariyat bu ishlarini asosli deb biladi, masalan, o'z tanqidchilarini qay yurtda bo'lmasin topib, ulardan qutulishga intiladi. Xitoy bunday repressiya bobida yetakchi, deya tasvirlanadi "Ozodlik uyi" hisobotida.

Jurnalistlar, huquq himoyachilari, muxolifatchilar, siyosiy faollar va fuqaro jamiyati a'zolari - Lotin Amerikasi, Afrika va Osiyo bo'ylab hukumatlarning doimiy nishonida, qayerga safar qilmasin yoki ko'chib ketmasin. Masalani o'rgangan mutaxassislar qayd etishicha, xavfsizlik organlari orasida xalqaro kelishuvlar ko'p hollarda norasmiy va ular orqali hukumatlar o'z tanqidchilari va "dushman"laridan qutulish payida.

"Ozodlik uyi" 2014-yildan beri 31 davlat rahbariyati repressiv usullar bilan 79 mamlakatdagi muxolifatchi va tanqidchilarni vatanga zo'rlab olib kelgan va jazolagan. Uch yarim million insonning hayoti xavf ostida qolgan va buni isbotlovchi 600 dan ortiq holat haqida ma'lumotlar to'plangan.

Hukumatlar orasida "dushman"larni tutishda yordamlashish azaliy odat, xalqaro qonunlar va inson huquqlariga ko'z yumiladi.
Hukumatlar orasida "dushman"larni tutishda yordamlashish azaliy odat, xalqaro qonunlar va inson huquqlariga ko'z yumiladi.

Tadqiqotlarda Xitoy qatorida Turkiya, Rossiya, Eron, Saudiya Arabistoni va Ruanda eng repressiv tuzumlar deya gavdalanadi.

Ular chet eldagi fuqarolariga bevosita tahdid qiladi, shuningdek, uzoqdan turib qo'rqitish usullarini qo'llaydi, mobil texnologiya orqali bosim o'tkazadi, ular yashayotgan davlatlardagi xavfsizlik organlari, xususiy kompaniyalar va noqonuniy guruhlar yordamida bu insonlarni hisbga olish, majburan qaytarish va qiynoqqa solish bilan shug'ullanadi.

"Ozodlik uyi" bu tahlilnomada berayotgan ma'lumotlariga tayanib, Qo'shma Shtatlarning yangi rahbari va ma'muriyatini chegara osha repressiyaga qarshi kurashga, sa'y-harakatlarni quvvatlashga, xususan fuqaro jamiyatiga ko'maklashishga undamoqda.

Demokratik davlatlar o'zlarini bunday repressiyadan tiyib, boshqalarga o'rnak bo'lishi hamda zo'ravon hukumatlarga nisbatan chora ko'rishi lozim, deya chaqirmoqda tashkilot.

Chetdagi fuqarolarini ta’qib qilayotgan hukumatlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:28 0:00

Yevrosiyodagi eng xavfli hukumat Rossiya, deya ko'rsatiladi tahlilnomada. Uning repressiv taktikalari chuqur o'rganilib, o'nlab hollar muhokama qilinadi. Rossiya atrofidagi davlatlar undan o'rganib, o'z fuqarolarini dunyoning qayerida bo'lmasin ta'qib qilib keladi, deydi ekspertlar.

Ozarbayjon, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O'zbekiston - bu davlatlarning har biri, "Ozodlik uyi" aniqlashicha, xorijdagi fuqarolari orasida o'ziga dushman deb bilganlarga uzoqdan va yaqindan tazyiq o'tkazgan va ularga nisbatan jismoniy tahdidlar va hujumlar qilgan.

Tojikiston va Qozog'istondan bosh olib ketgan muxolifatchilar ayni kunlarda ham hatto G'arb davlatlarida doimiy tahdid ostida kun kechirayotganini aytadi. Qirg'iziston hukumati sistematik repressiyaga berilmagan, deyiladi hisobotda, lekin tashkilot o'rgangan besh holatning to'rttasida o'zbeklarga nisbatan tazyiq kuzatilgan.

Markaziy Osiyo hukumatlari Turkiyadagi fuqarolarini noqonuniy yo'llar bilan nazorat qilish, hibsga olish, deportatsiya qilish va hatto o'ldirishgacha borgani isbotlangan. Checheniston, O'zbekiston va Tojikistondan borgan muxolifatchilar yo'q qilingan. Ozarbayjon va Tojikiston o'z fuqarolarini vatanga zo'rlab olib kelgan.

Hukumatlar orasida "dushman"larni tutishda yordamlashish azaliy odat, xalqaro qonunlar va inson huquqlariga ko'z yumiladi.

"Ozodlik uyi" o'tgan olti yildagi jarayonlarni o'rgangan va ularga asoslanib, xulosa qiladiki, chegara osha repressiya yuqorida qayd etilgan davlatlarning har birida hamon siyosat darajasida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG