Misrda Musulmon Birodarlar partiyaga aylanadi

  • Amerika Ovozi

Musulmon Birodarlar barcha siyosiy qoida va talablar asosida faoliyat yuritishga va'da berdi

Misrda yillar davomida taqiqda yurgan islomiy guruh – Musulmon Birodarlar partiya sifatida maydonga chiqishini aytmoqda.

G’arb ekspertlari birodarlar hokimiyatga kelib, islomiy davlat tuzadi, degan xavotirda.

Vaqtincha hukmron harbiylar esa konstitutsiyaga tuzatish kiritishga mas’ul qo’mita tuzgan.

Sakkiz kishidan, jumladan, huquq bo’yicha ekspertlar, qonunchi va Musulmon Birodarlar vakilidan iborat qo’mitani iste’fodagi sudya Tariq al Bishriy boshqaradi.

Ular bugun Misr harbiy kengashi rahbari Husayn Tantaviy bilan majlis qilgan.

Konstitutsiga kiritiladigan tuzatishlar ikki oydan keyin xalq muhokamasi – referendumga qo’yiladi.

Yangi bosh qonun 30 yillik prezident Husni Muborakni ag’dargan muxolifatning asosiy talablaridan biri.

Avvalgi qomus Muborak va uning safdoshlariga keng vakolatlar, xususan, hokimiyatga qolish huquqini bergan.

Muxolifat talabi shuki, Misrda demokratik islohotlar amalga oshirilib, saylovlar erkin va adolatli o’tsin, prezidentlik muddati qat’iy belgilansin, siyosiy partiyalar shakllansin.

Misrda, shuningdek, yuz minglab fuqaro, asosan, davlat xizmatchilari ishga chiqishdan bosh tortib, ko’proq maosh va qulay sharoit talab qilmoqda.

Bu esa qariyb uch haftalik namoyishdan anchayin zaiflashgan iqtisodiyotga yana bir zarba.