Yevropa chegarani mustahkamlashni muhokama qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Marsel, Fransiya

Yevropa adliya va ichki ishlar vazirlari bugun Bryusselda favqulodda majlis o'tkazib, Parijdagi hujumlar ortidan xavfsizlikni ta'minlash haqida gaplashmoqda.

Pasportdan xoli Shengen hududida chegaralarda, o'tish-nazorat punktlarida tekshiruvlarni oshirish muhokamada. Ham Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlar, ham boshqa mamlakat fuqarolari bir xil puxta tekshirilishi kerak, degan talablar yangrayapti.

Xususan, Belgiya qattiq tanqid ostida - o'tgan hafta Fransiyada sodir etilgan va 129 odamni hayotdan olib ketgan portlash-otishmalar Belgiyadan turib rejalangani haqida xabarlar bor.

Bu qonli hujumlar muallifi, chorshanba kungi reydda yo'q qilingan Abdulhamid Abaud Yevropa davlatlari bo'ylab erkin harakat qilgan. U Belgiyaning qashshoq mahallasida o'sib katta bo'lgan.

Bu orada, Parijdagi hamlalarga aloqadorlik gumoni bilan yana bir kishi - Saloh Abdulsalom hanuz qidirilmoqda.

Belgiya kecha, payshanba kuni kamida to'qqizta reyd o'tkazgan, biroq Abdulsalomdan darak yo'q.