Hijob bilan cho'milishga oid taqiq bekor qilindi

  • Amerika Ovozi

Fransiyaning oliy ma'muriy sudi musulmon ayollarning hijob va uzun kiyim bilan cho'milishiga shahar ma'muriyati tomonidan qo'yilgan taqiqni bekor qildi.

Vilnyov-Lube shahri qo'ygan taqiq din va shaxsiy erkinliklarga oid fundamental huquqlarni buzgani uchun noqonuniy deb topilgan.

Sohil bo'yidagi bir qator shaharlar musulmon ayollarning yopiq kiyim bilan cho'milishini Fransiyaning dunyoviylikka oid qonunlarini buzishi haqida da'vo qilgan edi.

Fransiya inson huquqlari ligasi shikoyat bilan chiqib, dunyo bo'ylab bu mavzuda bahslarning kuchayishiga turtki berdi.

Mamlakatda o'tkazilgan ommaviy so'rovlarda aholining aksariyati taqiqni qo'llab-quvvatlagani kuzatilgan.

Fransiyada prezidentlik saylovi yaqinlashar ekan, xavfsizlik va immigratsiya eng asosiy bahs mavzulariga aylangan. Sobiq prezident Nikolas Sarkozi hijobli kiyimlarning taqiqlanishini himoya qilayotgan siyosatchilardan. U fuqarolar orasidagi xavotirlardan siyosiy maqsadlar yo'lida foydalanishga urinayotgani aytiladi.

25-avgust kuni bir guruh ayollar Londondagi Fransiya elchixonasi qarshisida musulmonlar kiyimiga oid taqiqqa qarshi namoyish o'tkazdi. Ular turli cho'milish kiyimlarida "Islomofobiya ozodlik emas" shiorlarini ko'tarib chiqdi.