Katta Sakkizlik demokratiya uchun kurashayotgan arab davlatlariga 40 milliard dollar va’da qildi

  • Amerika Ovozi

Misr va Tunis uchun 40 milliard dollar ajratiladi

Boy va qudratli davlatlar demokratiya uchun kurashayotgan arab davlatlariga 40 milliard dollar yordam va’da qildi. Fransiyada majlis qilgan “Katta Sakkizlik” Liviya rahbari Muammar Qaddafiy iste’fosi bobida ham yakdil.

Fransiyaning Dovil shahrida ikki kunlik sammit yakunida “Katta Sakkizlik” shu mazmunda bayonot chiqargan.

Asosan “arab bahori” haqida so’zlashgan rasmiylar gapi shu: yopiq jamiyatlarga atalgan pul kesiladi, erkinlik sari qadam bosgan davlatlar siylanadi.

Sammitda qo’zg’olondan hali o’ziga kelmagan, xalqaro hamjamiyatdan madad so’rayotgan Tunis va Misr ham bor edi.

Bu davlatlarda avtokrat rahbarlar quvildi, lekin investor va turistlar ham qadamini tortgan. Boy mamlakatlar har ikkisiga yaqin uch yil davomida 20 milliard dollardan berishga rozi.

Lekin bu yordamning sharti bor, deydi Yevropa Komissiyasi raisi Joze Manuel Barroso.

“Moliyaviy madad keti uzilmasin uchun islohot yo’lidan borishingiz kerak”, - deydi u.

Liviyadagi urush alohida masala.

“Katta Sakkizlik” bayonotiga ko’ra, “erkin va demokratik Liviyada polkovnik Muammar Qaddafiyga joy yo’q, u ketishi kerak”.

Qo’shma Shtatlar va Fransiya Liviyadagi ishni oxiriga yetkazishga va’da berdi. “Harbiy kampaniya samarasini ko’rayapmiz”, - deydi prezident Barak Obama.

Xalqaro hamjamiyat xavotiri shuki, Liviya va Suriyadagi zo’ravonlik, qon to’kishlar “arab bahori” yo’liga to’g’anoq bo’lishi mumkin.

“Tinch fuqaroga musht ko’tarishni bas qiling”, - deyiladi “Katta Sakkizlik” bayonotida.

Qudratli davlatlar fuqarolik urushi yoqasida turgan Yamanni ham tilga oldi. 32 yillik prezident Ali Abdulla Solih xalq talablari bilan hisoblashsin, deydi rasmiylar.