Gabonda davlat rahbarini hokimiyatdan ag’dargan harbiylar muvaqqat rahbarni tayinladi. 26-avgust saylovida g’alaba qozonib, uchinchi muddatga saylangan Prezident Ali Bongo uy qamog’iga joylashtirildi. General Bris Oligi Ngema uning o’rniga tayinlandi. Harbiy xunta saylov natijalari bekor etilishi haqida ma’lum qildi.
Your browser doesn’t support HTML5
Xalqaro hayot - 31-avgust, 2023-yil
Ngema 2019-yildan beri Respublika gvardiyasini boshqarib kelgan. Gvardiyaga davlat rahbari, uning oilasi va boshqa yuqori lavozimli rasmiylarni qo’riqlash vazifasi yuklangan.
2020-yilda o’tkazilgan jurnalistlar surishtiruvidan ma’lum bo’lishicha, Prezident Bongo oila a’zolarining ba’zilari va Ngemaning o’zi AQShda naqd pulga hashamatli ko’chmas mulk sotib olgan.
Bongo Gabonni 2009-yildan beri boshqarib kelayotgan edi. Ungacha esa hokimiyat 42 yil davomida uning otasi Umar Bongo qo’lida bo’lgan. Aytish joiz, Ali otasining 30 dan ortiq farzandlaridan biridir.
Uni hokimiyatdan ag’dargan harbiylar guruhi o’zini O’tish va institutlarni tiklash qo’mitasi deb ataydi.
Muvaqqat rahbar Gabon chuqur inqirozda ekanini, xalq hukumatdan to’yganini aytadi. Ngemaga ko’ra, 2018-yilda miya xurujiga uchragan Prezident Bongoning salomatligi joyida emas va uning uchinchi muddatga saylangani konstitutsiyaga xilofdir.
Omma davlat to’ntarishini ijobiy qarshiladi. Biroq AQSh va sobiq mustamlakachi Fransiya uni qoraladi. Gabonda 350 fransuz harbiysi bor.
Bu mamlakat uran, neft, gaz va noyob yer metallariga ega bo’lsa-da, aholining uchdan biri kambag’al.
2020-yildan beri G’arbiy va Markaziy Afrikaning jami 8 mamlakatida davlat to’ntarishi yuz berdi, aksariyati Fransiyaning sobiq mustamlakachilari bo’lgan. Mali va Burkina-Faso fransuz harbiylarini mamlakatdan haydashga muvaffaq bo’ldi, Niger ham shunga intilmoqda.
O’tgan hafta Nigerdagi muvaqqat hukumat Fransiya elchisidan mamlakatni tark etishni talab qildi, biroq Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron harbiy xuntani noqonuniy deb, ularning talabiga bo’ysunmasligini bildirdi.
Bugun esa xunta bayonot chiqarib, elchi Silven Itta diplomatik daxlsizligidan ayrilganini bildirdi, politsiyaga uni haydash buyurildi. Fransiya Tashqi ishlar vazirligi harbiy ma’muriyatda elchini haydashga vakolat yo’qligiga ishora qildi.
Kecha yuzlab ayol Fransiya elchixonasi yonida namoyish qilib, qo’llaridagi tovaga urish orqali norozilik bildirishdi.
“Ko’rib turganingizdek, oshxonadagi hamma narsani o’zimiz bilan olib keldik. Imperializmga “yo’q” demoqchimiz. Biz mustamlakachilik paytida tug’ilganmiz. Mustamlakachilarning ishlarimizga aralashishidan to’yganmiz”, - dedi bir ayol.