Bolaga o'qish-yozishni o'rgatuvchi programma uchun 15 million dollar

  • Amerika Ovozi

Maktabga hech qachon qatnamagan bola oddiygina planshet yordamida o’qish, yozish va matematikani o’rgana oladimi? XPrize jamg’armasi “ha” deb javob bermoqda. Bu g’oyani amalga oshirish uchun 15 million dollar ajratilgan.

Rivojlangan davlatlarda raqamlarni o’rgatuvchi mobil applikatsiyalar yangilik emas. Ammo Tanzaniya singari jamiyatlarda ularning roli beqiyos.

“Biz planshet yuborayotgan bolalarning 90 foizi bitta harfni ham tanimaydi”, - deydi Mett Keller, “XPrize” tashkiloti direktori.

Umumbashariy darajada ta’lim muammosini hal qilish mushkul, lekin “XPrize” jamg’armasi texnologiyani ishga solmoqda. Kattagina mukofot ham bor.

15 million dollarga teng xalqaro konkurs bu. Kompyuterchi mutaxassislar shunday bir ilova-dastur yaratishi kerakki, bolalar mustaqil tarzda o’qish, yozish va arifmetikani o’rgansin.

“Dunyoning olis bir nuqtasida yashovchi savodsiz bola uchun tushunarli, sodda bir programma yaratilishi kerak. Ekranga qarab, bosib, harflarni, sanashni o’rgansin. Takliflar bo’lsa, marhamat”, - deydi jamg’arma direktori.

198 kompaniya konkursda qatnashib, finalga chiqqan beshtasining har biriga million dollardan berildi. Ular Tanzaniyada mahsulotini sinamoqda.

“Umrida planshetni qo’lida ushlamagan, hatto televizor ko’rmagan bola uchun ta’limiy programma yaratish juda qiyin. Soddalashtirasiz, bola ehtiyojlariga moslaysiz”, - deydi “Onebillion” kompaniyasi rahbari Jeymi Styuart.

Sinfxonada, doskaga qarab o’tirishga asoslangan an’anaviy ta’lim tizimini o’zgartirish vaqti yetgan.

“Boshlang’ich ta’lim texnologiya sohasidagi inqilobdan chetda qolmasligi kerak”, - deydi hindistonlik mutaxassis Srikant Talapadi.

“Bolaga planshetdan tashqari hech qanday yo’riq kerak emasligini isbotlay olsak, shunda o’sha bolaga mo’ljallangan, muayyan mamlakat uchun programmalar yaratishga kirishamiz”, - deydi Mett Keller.

Bola tabiatan qiziquvchan. Unga o’qishni o’rgatsangiz, so’ng o’rganish uchun o’zi o’qiydi.