Guantanamodagi besh mahbus ishi harbiy tribunalda

  • Amerika Ovozi

Guantanamo qamog'i

2001-yilning 11-sentabrida AQShda amalga oshirilgan terror hujumlarida ayblangan besh kishi harbiy tribunalda. Jarayon ular saqlanayotgan Guantanamo qamoqxonasida qoshida kechmoqda.

Mahbuslar aybdor deb topilsa, oliy jazoga mahkum etilishi mumkin

Bu insonlar teraktlar rejasini tuzgan asosiy shaxslar deb qaraladi.

Ulardan biri Xolid Shayx Muhammad buni tan olib, 3000 ga yaqin odamni o’ldirgan xurujlar “savob ish” bo’lgan deydi.

Harbiy prokurorlar ularni oliy jazo, o’limga mahkum etishni so’ramoqda. Lekin sud ishi uzoq vaqt davom etishi kutilmoqda.

Xolid Shayx Muhammad

Advokatlar esa ayblanuvchilarning qamoqda qiynoqqa solingani, huquqlari poymol etilganini aytib, suddan adolat talab qilmoqda.

Mahbuslarning oila a’zolari jarayonni yaqindan ko’rishi uchun Guantanamoga olib borilgan.

2002-yilda ochilgan qamoqxonada 150 dan ortiq mahbus bor. U yerda o'tirgan ko'plab insonlar Afg'onistonda qo'lga tushgan va aksariyati hozirda vataniga qaytarilgan.

Obama ma'muriyati bu turmani yopishni va'da qilgan edi, lekin Kongressda bu borada yakdillik yo'q. Respublikachilar nazarida "xavfli insonlarni" saqlash uchun Guantanamodek, Amerika nazoratida bo'lgan, lekin uzoqda joylashgan maxsus inshoot muhim rol o'ynaydi.