Zikaga qarshi kurash: chivinlar nishonda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Zikaga qarshi kurashda chivinlar nishonda

Jahon sog’liqni saqlash tashkilotiga ko’ra, shu yil oxirigacha zika virusiga chalinganlar soni 4 million odamga yetadi. Eng dahshatlisi – virusning homilaga ta’siri: zikaga chalingan onalardan miyasi rivojlanmagan chaqaloqlar tug’ilmoqda. Virusga qarshi kurash qaysi yo’nalishda olib borilishi kerak? Bu masalada olimlar yakdil – kasallikni tashiydigan chivinni yo’q qilish yoki o’zgartirish zarur.

Your browser doesn’t support HTML5

Chivinlar genetikasi o'zgartirilmoqda - Zikaga qarshi kurash

Zika virusiga qarshi vaksina yo’q, demak epidemiyani to’xtatish uchun virusni tashiydigan chivinlarga qarshi kurashish kerak.

Lotin Amerikasi mamlakatlarida chivinlarga qarshi insektisid – kimyoviy modda qo’llanilmoqda. Ammo "tashqarida dori purkagan bilan hamma chivinni o’ldirishning imkoni yo’q, chunki chivinlar turli joylarda, dori yetib bormaydigan teshiklarda ham tuxum qo’yadi,” – deya tushuntiradi Jorjtaun universitetidan Piter Armbraster.

Zika virusini tashiydigan chivin tuxum qo’yishi uchun suv kerak. Eski avtomobil shinasi bo’ladimi, siniq idish yoki shisha qopqog’imi, ichida bir-ikki tomchi suv bo’lsa, shu kifoya.

“Purkalaydigan kimyoviy modda tuxum yoki undan chiqqan va suvda yashaydigan lichinkaga qarshi ham ishlatilishi mumkin,” - deydi mutaxassis.

Olimlar chivinlarni genetik jihatdan o’zgartirish niyatida.

“Chivinlarni bu virusga chidamli qilmoqchimiz. Shunda bir-biridan virus yuqtirish zanjirini uzish mumkin,” - deydi Missuri universitetidan Aleksandr Franz.

Yana bir uslubga ko’ra, bakteriya yordamida erkak chivinlar bepusht qilinadi.

Britaniyaning “Oxitec” kompaniyasi olimlari chivinlarni o’zgartirdi. Bundan buyon yangi tug’ilgan chivin reproduktiv bosqichga yetmay turib, nobud bo’ladi. Kayman orollari va Braziliyada o’tkazilgan sinovlar lichinkalarning 80 foizi nobud bo’lganini ko’rsatgan. Demak, chivinlar sonini kamaytirib, xavfning oldi olinganidan keyin olimlar masalani yana o’rganib chiqadi: chivinlarni o’zgartirishda davom etish kerakmi yoki insektisidlardan foydalanish kifoya bo’ladimi, degan savolga javob beradi. “Oxitec” kompaniyasining Braziliyada zavodi bor, yana bittasi ishga tushish arafasida. Demak muammo yechimiga eng yaqin turgan - aynan shu uslub.

“Eng samarali yo’l – bir necha uslubdan bir vaqtda foydalanish. Masalan, chivinlar genetikasini o’zgartirib, ayni vaqtda inseksisidlar yordamida o’ldirish va ular ko’payadigan joylarni yo’q qilish,” - deydi Armbraster.

Tadqiqotlar davom etmoqda. Millionlab homilador ayollar esa natijani sabrsizlik bilan kutishga majbur.

Your browser doesn’t support HTML5

Ayb chivinlardami?