AQSh: "Islomiy davlat" internet orqali ta'sirini yoymoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Ichki xavfsizlik vaziri Jey Jonson

AQSh Ichki xavfsizlik vaziri Jey Jonsonning aytishicha, dunyo bo'ylab terror xavfi yangi pallaga kirmoqda, islomiy ekstremistlar internetda faollashib, ularning mafkurasi uchun xuruj uyushtirishga tayyor odamlarni jalb qilmoqda.

"Islomiy davlat"ning ta'siri Yaqin Sharqdan tashqariga yoyilmoqda, deydi u.

"Guruh ijtimoiy sahifalar, internetdan unumli foydalanib, dunyoning turli chekkalaridagi odamlarni ilhomlantirmoqda. Global terror xavfining yangi bosqichiga guvoh bo'lyapmiz - yolg'iz insonlardan istalgan payt hujum kutish mumkin bo'lib qoldi", - deydi Jey Jonson.

U amerikaliklarni xushyor bo'lishga chaqirdi.

Federal qidiruv byurosi direktori Jeyms Komining o'tgan hafta aytishicha, "Islomiy davlat" internetdagi tashviqotida harbiylar va politsiyaga hujumlarni kuchaytirishga da'vat etgan. Jihodchilarning da'vatini AQShda yuzlab, balki minglab odamlar qabul qilgandir, deydi u.

Juma kuni AQSh harbiy havo bazalarida xavfsizlik choralari kuchaytirildi.

"Internet tufayli hujum istalgan payt sodir etilishi va biz bu haqda bexabar qolishimiz mumkin", - deydi vazir.

Jey Jonson AQShdagi musulmon jamoalarni ekstremizmga qarshi kurashda faolroq bo'lishga chaqirdi.

"Jamoalar, musulmon yetakchilar bu borada federal hukumatdan samaraliroq bo'la oladi", - deydi u.