Saylov-2012: Debatlar - nomzodlar uchun jiddiy sinov

  • Amerika Ovozi

Saylov-2012: Debatlar - nomzodlar uchun jiddiy sinov

Amerikada prezident bo’laman degan shaxs bahs-debatlarda qatnashib, xalqqa o’zini tanitishi, jamiyat uchun muhim hisoblangan mavzular yuzasidan o’z qarashlarini bildirishi kerak.

Prezident saylovlari shu yili 6-noyabrda bo’lib o’tadi. Demokratlardan nomzod – Barak Obama. Respublikachilar esa o’z safidan da’vogarlarni saralash bilan band.

Har bir debatda nomzodlar vatanga muhabbatini izhor etadi, ammo bir-biriga emas.

"Spikerlik lavozimidan ketganidan beri, Nyut Gingrich Vashingtonda lobbichilik qilib yuribdi",- deya kesatadi Mitt Romni, prezidentlik uchun yetakchi da'vogar.

"Bu gaplar g’irt safsata. Hatto javob berishga arzimaydi",- deydi raqibi Gingrich.

Florida shtatidagi debatdan

Saylov kampaniyasi shunday jarayonki, da’vogarning shaxsiy hayoti, professional faoliyati ipidan ignasigacha ko'rib chiqiladi.

2012-yilgi poygada Demokratik partiyadan kim qatnashishi hammaga ma’lum - amaldagi prezident Barak Obama.

Muxolifat, respublikachilar orasidan esa nomzodni tanlash jarayoni davom etayapti. Raqobat kuchli. Televizion muhokamalarda da’vogar aql-zakovatini namoyish etadi, o’ziga tarafdor to’playdi.

Jonli debatlar Amerikada uzoq tarixga ega. Ko’pchilik 1976-yilda prezident Jerald Ford va uning demokrat raqibi Jimmi Karter orasidagi qizg’in bahsni eslaydi.

Davlat kontitutsiyasida bu majburiy deb belgilanmagan, lekin saylov jarayonining ajralmas qismi. Asosan savol-javob shaklda o’tadigan diskussiyalarni millionlab odam tomosha qiladi yoki radioda tinglaydi, deydi Jorjtaun universiteti professori Mark Rom.

"Umuman olganda, debatda qattiq qonun-qoidalar yo’q. O’z reytingini oshirish uchun har bir nomzod alangali va’dalar beradi, raqiblarining kirdikorini fosh etadi, hangomabop gaplar aytadi",- deydi u.

Ammo jonli efirda xato qilish qimmatga tushadi. Masalan, prezidentlikka intilgan Rik Perri o’z dasturining muhim bir qismini esdan chiqarib qo’ydi.

"Prezident bo’lsam, uch agentlikni yopaman. Ta’lim … Tijorat … Uchinchisi yodimdan ko’tarildi. Uzr!",- deydi Perri.

Debat oldidan davlat madhiyasi yangraydi

Odatda har bir partiya o’z nomzodini aniqlab olgunicha, o’nlab debatlar o’tkaziladi.

Undan so’ng, noyabrdagi saylov oldidan, ikki nomzod orasida uch debat. Shuningdek, vitse-prezidentlikka nomzodlar orasida ham alohida bahs. 2008-yilda Barak Obama va Jon Makkeyn orasida keskin kurash kechgan.

Debatlarni odatda xususiy telekanallar, gazetalar yoki siyosiy partiyalar tashkillashtiradi va moliyalaydi. Bundan tashqari 1987-yilda tuzilgan mustaqil komissiya ham bor.

Komissiya o’tkazadigan tadbir eng muhimi, e’tiborlisi, deydi jurnalist Deyvid Levintal.

"Demokratlardan bir nomzod, respublikachilardan bir nomzod. Yuzma-yuz, yonma-yon turib bellashadi. Ana sizga chempionlik bahsi. Saylov qanday natija bilan tugashini aksar hollarda hal qiladigan tomosha mana shu",- deydi Levintal.

Bunga eng yorqin misol bu 1960-yillarda demokrat Jon Kennedi va respublikachi Richard Nikson o’rtasida kechgan so’z urushidir. Kennedi omma orasida shuhrat qozonib, Oq Uyga saylangan.