O'zbekistonlik huquq faollari AQShda mukofotlanadi

  • Amerika Ovozi

Xalqaro Mehnat huquqlari forumi (International Labor Rights Forum) "Paxta kampaniyasi" deb nomlangan koalitsiyaning bir qismi

Vashingtonda asoslangan Xalqaro Mehnat huquqlari forumi o'z faoliyatining 30 yilligini nishonlar ekan, bu yilgi mukofotlarini kimlarga berishini e'lon qildi. Ular orasida O'zbekistonda majburiy mehnatga qarshi kurashayotgan faollar ham bor.

Yelena Urlayeva, Dmitriy Tixonov va O'ktam Pardayev O'zbekiston paxta dalalarida odamlar zo'rlab ishlatilishini fosh etishda ko'rsatgan jonbozliklari uchun taqdirlanadi.

Mukofot taqdimoti 12-may kuni AQSh poytaxtida o'tadi. Sovrindorlarga yorliq beriladi, moliyaviy mukofot emas. Urlayeva Toshkentda, Tixonov esa siyosiy bosimdan shikoyat qilib vatanini tark etgan. Jizzaxlik Pardayev esa yaqinda ikki oy hibsda o'tirib chiqdi.

Firibgarlik, haqorat qilish aybi bilan sudlangan Pardayev sud tomonidan aybdor deb topilib, amnistiyaga ilindi va shartli ravishda ozod qilindi. Hukmga ko'ra, Pardayev uch yilgacha inson huquqlari faoliyati bilan shug'ullanmasligi kerak. Shuningdek, unga xorijga chiqish man etilgan.

Yetakchi huquq tashkiloti "Human Rights Watch" (HRV) nazarida Urlayeva, Pardayev va Tixonov o'z hayotini xavf ostiga qo'yib, xalqi erkinligi va qonun ustuvorligi uchun kurashib kelmoqda. Ular mamlakatda ko'pchilik jur'at eta olmaydigan ishni qilayapti, deydi Stiv Sverdlov, HRW eksperti, hukumatdan adolat talab qilmoqda.

HRW va Xalqaro Mehnat huquqlari forumi "Paxta kampaniyasi" deb nomlangan koalitsiyaning bir qismi. Bu koalitsiya O'zbekistonda majburiy mehnatga chek qo'yilishini talab qilib keladi. U huquq tashkilotlari, bizneslar, faollar va ekspertlardan tashkil topgan.

O'zbekiston hukumati majburiy mehnat qonunan man etilganini bayon etib, islohotlar olib borayotganini da'vo qiladi.