O’zbekistonda huquq faoli Baxtiyor Hamroyev vafot etdi

  • Amerika Ovozi

Baxtiyor Hamroyev panjara ortida qolayotgan huquq faollari holidan xabar olib, qamoqdagi asl vaziyat va qiynoqlar haqida axborot tarqatishda yordam bergan.

O’zbekistonda inson huquqlari faoli Baxtiyor Hamroyev olamdan o’tgan. U saraton bilan og’riyotgan bo’lgan.

Hamroyev O’zbekiston inson huquqlari jamiyati Jizzax bo’limini boshqargan, viloyatdagi qonunbuzarliklarni xatlab borgan.

Panjara ortida qolayotgan huquq faollari holidan xabar olib, oilalari bilan bog’lanishda, qamoqdagi asl vaziyat va qiynoqlar haqida axborot tarqatishda yordam bergan.

Fermerlarning huquqlarini himoya qilishda jonbozlik ko’rsatgan.

Baxtiyor Hamroyev O'zbekistonda inson qadri oyog'osti qilinayotgani haqida ochiqdan-ochiq so'zlay olgan shijoatli fuqaro edi. Faoliyati uchun bosimga uchrab, qattiq kaltaklangan.

U "Amerika Ovozi" bilan suhbatda Jizzaxdagi mustaqil jurnalistlar, huquq himoyachilariga nisbatan tazyiqlarga izoh berar ekan, Jizzaxda besh-olti kishidan iborat qo'rqmas demokratlar bor, degan edi.

"Ular viloyatdagi og’ir ahvol haqida xalqaro jamoatchilikni xabardor etib keladi", - degan edi huquq himoyashisi.

“...Jizzaxda bo'layotgan voqealar, og'ir ijtimoiy ahvol haqida hech narsa eshitmasangiz, ajablanmang. Bu hukumat ana shu kichik demokratlar qo’rg’onini ham yiqitganini anglatadi”, - degan edi Baxtiyor Hamroyev.

Huquq faoli Jizzax paxta dalalarida bolalar ekspluatatsiyasi, o'quvchilar orasida o'z joniga qasd qilish hollari haqida hujjatlar yig'ib borgan.


U inson huquqlari himoyachilarini qanoti ostiga olgan, ularni zulmdan pana qiluvchi Front Line Defenders xalqaro fondining 2013-yilgi sovriniga nomzod edi.

http://www.youtube.com/embed/UEhkq6Kem-I