Hindistonda quyi tabaqa karantindan qiynalyapti

  • Amerika Ovozi

Hindistonda tekin ovqatga navbat

Hindistonning 1,3 milliard aholisi karantin sharoitida yashar ekan, jamiyatning eng kam daromadli qatlami iqtisodiy qiyinchiliklarga yuz tutmoqda. Mamlakatda 176 million odam kuniga 2 dollardan kam daromad topadi.

24-mart kuni karantin e’lon qilgan Bosh vazir Narendra Modi bu hafta uni 3-maygacha uzaytirdi.

Rajesh Dxaykar karantindan oldin sharlar sotib kun kechirardi, rafiqasi esa uy tozalardi. Hozir esa ular uyda o’tiribdi, puli tugab bormoqda.

"Yegulik ham deyarli yo’q. Xavotirdamiz”, - deydi Dxaykar.

Hindistonda so’nggi 20 yilda iqtisodiy o’sish bilan birga jamiyatda tengsizlik ham kuchaydi.

Sharhlovchi va ijtimoiy faol Xarsh Manderning aytishicha, karantin kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin.

"Bizga virusdan o’lishimiz mumkinligini aytishadi, ammo avval ochlikdan o’lamiz”, - deydi u.

Mina Jakxavadiya va uning turmush o’rtog’i karantindan oldin Mumbay ko’chalarida plastik narsalar sotib, pul qilishardi. Hozir esa er-xotin ikki kvadrat metr xonada qamalib qolgan, ikki kunlik yegulik qolgan, xolos.

“Ko’chaga chiqa olmaymiz, bo’ysunishga majburmiz”, - deydi ayol.

Fotima Begim ham jamiyatning ana shu tabaqasi vakili. Oilasi xayriya hisobiga kun kechirishga majbur.