Indoneziyadagi hujumlarni "Islomiy davlat" sodir etgan

  • Amerika Ovozi

Jakarta, Indoneziya

Payshanba kuni Indoneziya poytaxtida ro'y bergan portlashlar va otishmani "Islomiy davlat" to'dasi sodir etganini da'vo qilayapti. Xurujlar oqibatida yetti kishi, jumladan, besh hujumchi nobud bo'lgan.

Jangarilar Jakarta markazidagi hujumlar paytida chet el fuqarolari va xavfsizlik xizmati xodimlarini nishonga olmoqchi bo'lgan.

Politsiyaning taxmin qilishicha, maqsad Parijdagi so'nggi hujumlarga taqlid qilish edi.

Guvohlarning aytishicha, ertalab savdo markazi, mehmonxona, elchixona va boshqa idoralar joylashgan mahallada olti bor portlash yangragan. Ba'zi hujumchilar o'zini portlatgani ham aytiladi.

Ortidan kuni bilan otishmalar davom etgan. Kechga yaqin rasmiylar hujumni qaytargani, besh jangari yo'q qilinganini ma'lum qildi. Yana ikki kishi o'lgan, biri kanadalik, biri indoneziyalik.

Politsiya o'sha yerda portlab ulgurmagan yana bir necha bombani aniqlagan.

Indoneziya Prezidenti Yoko Vidodo mahalliy televideniye orqali chiqishida voqeani terror xuruji deya qoraladi va xalqni tinchlikka da'vat etdi.

Musulmon aholi soni jihatidan dunyoda eng yirigi sanalmish Indoneziya o'tmishda bir necha bor qonli hujumlarga sahna bo'lgan. 2002-yilda Bali orolidagi portlashlar 202 kishi, asosan, xorijliklarni hayotdan olib ketgan edi.