AQSh Eron bo'yicha bitimdan chiqdi, endi nima bo'ladi?

  • Amerika Ovozi

Prezident Donald Tramp Eronning yadro dasturi bo'yicha xalqaro kelishuvdan AQShni chiqardi. Xo'sh, endi nima bo'ladi? Dunyo hamjamiyati xavotir bilan vaziyatni kuzatib turibdi.

Eronning yadroviy programmasini vaqtincha muzlatgan, evaziga bu davlatga iqtisodiy imkoniyatlar bergan, bir necha davlat Obama davrida imzolagan kelishuv haqida gap ketmoqda. Tramp Oq uyga harakat qilayotgan paytlardan beri bu hujjatni yomonlab, islomiy respublikaga ishonib bo'lmasligini aytib kelgan.

Yevropadagi ittifoqchilar AQSh rahbarini undan chiqmaslikka ko'ndira olmadi. Bu qaror ketidan Eron milliy valyutasi qadri dollarga nisbatan keskin tushib ketdi. Vashington Eronga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni tiklamoqda.

"Eron bilan biznes qiladigan davlatlar va kompaniyalar qiyin ahvolga tushib qoladi", - deydi siyosatshunos Ilan Bergman.

Sobiq bankir Brett Deker fikricha, AQShning kelishuvdan chiqishi to'g'ri qaror.

"Chunki Eron yadro programmasini kelajakda yana tiklagan bo'lardi. Kelishuv shartlari zaif, ayniqsa yadroviy obyektlarni tekshirish masalasida. Demak, ularning so'ziga ishonishdan boshqa kafolat yo'q", - deydi u.

AQSh sobiq Energetika vaziri Ernest Moniz 2015-yilgi muzokaralarda qatnashgan.

"Bitimdan oldin Erondagi obyektlarni tekshirish mexanizmi bo'lmagan. Aynan shu hujjat tufayli doimiy tekshiruv imkoniyatini qo'lga kiritganmiz", - deydi u.

"O'tmishda Shimoliy Koreyada xalqaro inspektorlar faqat hukumat ruxsat bergan joylarga bora olardi. Bugun bunday tizim to'g'ri kelmaydi. Shimoliy Koreya bilan bitim imzolansa, inspektorlar istagan inshootni tekshira olishi kerak".

Eron bo'yicha qaror Trampning Shimoliy Koreya rahbari bilan uchrashuvi oldidan qabul qilingani muhim ahamiyat kasb etadi.

"Vashington Pxenyanga aytishi mumkin: Eron bitimi zaif bo'lgani uchun AQSh uni tark etdi, siz biz bilan ochiqroq bo'lishingiz, qattiqroq talablarga ko'nishingiz kerak. Tramp Pxenyan bilan muzokarada Eron mavzusidan foydalanishi mumkin", - deydi siyosatshunos Ilan Bergman.

Eron kelishuvini imzolagan yana besh davlat (Britaniya, Xitoy, Fransiya, Germaniya va Rossiya) unga amal qilishda davom etishini bildirmoqda.