Obama Isroilning Eron bo'yicha shartini rad etdi

  • Amerika Ovozi

Arxiv surat. AQSH Prezidenti Barak Obama (o'ngda) va Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Eron va olti yirik davlat bilan imzolangan dastlabki bitimni keskin tanqid qilib, 30 iyungacha qabul qilinishi kutilayotgan yakuniy shartnomaga Eron Isroilni davlat sifatida tan olishini tasdiqlovchi bandni kiritishni talab qilmoqda. AQSh Prezidenti Barak Obama Netanyaxuning bu talabini rad etdi.

Unga ko'ra, Erondan buni talab qilish uning siyosiy tizimi o'zgarmaguncha bitimni imzolamaslik sharti bilan tengdir.

"Eronda yadro quroli bo'lishini istamaymiz, chunki u yerda tuzum o'zgarishiga qarab ish tuta olmaymiz. Aynan shuning uchun ham bu mamlakatda atom quroli bo'lmasligi kerak. Agar Eron Germaniya, Shvetsiya yoki Fransiyaga o'xshash davlatga aylanganida edi, uning yadroviy infratuzilmasi haqida boshqacha gap bo'lar edi", - deydi Obama.

Kelishuvga ko'ra, Tehron kelasi 15 yil davomida yadro yonilg'isini 3,67 foizdan ko'p boyitmaslikka, zaxiradagi boyitilgan uranning aksariyatini xorijga chiqarishga, Fordodagi yerosti yadro inshootida ortiq uran boyitmaslikka, Arak reaktorining vazifasini o'zgartirishga kelishdi.

Eron, shuningdek, yadro reaktoridagi sentrifugalari sonini 19 mingdan 6100 taga tushirishga rozi bo'ldi.