Eron yadro dasturi bo'yicha muzokaralar uzaytirilgani nimadan dalolat?

  • Amerika Ovozi

Eron bilan uning yadro dasturi ustida muzokara qilayotgan yirik mamlakatlar muzokara muddatini yana yetti oyga cho’zdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Eron yadro dasturi bo'yicha muzokaralar uzaytirilgani nimadan dalolat?/Shohruh Hamro

Islomiy respublika uranni qay darajada va qanday maqsadlarda boyitishi mumkin? Tomonlar ana shu masala yuzasidan kelisha olmayapti.

Ekspertlar fikricha, yana yarim yildan oshiq vaqt ajratilgani muzokarachilar murosaga yaqin emasligidan nishona. Shohruh Hamro mavzuni davom ettiradi.

AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Jeff Ratke dunyo tinchligi va barqarorligi uchun xizmat qiladigan kelishuvga yaqin turibmiz, deya ishontirmoqda. Muxbirlar bilan suhbatda u muzokara yana yetti oyga uzaytirilganiga katta ahamiyat qaratmadi.

“Kelishuvga erishilmaguncha Eron sanksiyalardan ozod bo’lmaydi”, - deydi rasmiy.

Yadroviy masalalar bo’yicha tadqiqotchi Metyu Kronig o’z manbalariga tayanib deydiki, muzokaralarda katta siljish bo’lmagan.

Bir yil oldin kun tartibiga qo’yilgan barcha yirik masalalar hanuz yechimini topgani yo’q. Masalan, uran boyitish miqdori, sanksiyalar qachon yumshatilishi, yakuniy bitim qachongacha amal qilishi va hokazo.

“Hozirgi yo’ldan ketaversak kelasi yetti oyda progress bo’ladi deyish uchun hech asos yo’q”, - deydi Kronig.

Tahlilchi Rikardo Alcharo muzokaralar uzaytirilganidan taajjubda, lekin mamlakatlar gaplashishda davom etayotganiga ijobiy qaraydi.

Uning fikricha, Eron prezidenti va tashqi ishlar vaziri xalqaro hamjamiyat bilan murosa qilishga tayyor ko’rinadi. Biroq yakuniy qaror mamlakatning oliy rahbari Oyatulla Ali Xomeneiyga bog’liq.