Eronda koronavirus shiddat bilan tarqalyapti

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Eron hukumati koronavirusdan har to’rt daqiqada bir kishi vafot etayotganini qayd etib, shu hafta mamlakat bo’ylab cheklovlarni uzaytirdi. Ayrim shifoxonalarda bemorlar uchun joy qolmagan.

Islomiy respublikada kasallanganlar soni 600 mingdan oshdi, virusdan o’lganlar 35 mingga yaqinlashmoqda. Jami 31 viloyatdan 27 tasi “qizil” zonada. Davlat televideniyesi noyabr boshida qayta ochilishi rejalangan maktablar, masjidlar, do’kon va restoranlar 20-noyabrgacha yopiq qolishini e’lon qildi.

“Kasallik ko’paymoqda, chunki odamlar ishga borishi kerak. Ular uyda o’tirolmaydi. Cheklovlarga hech kim amal qilmayapti. Hammasiga og’ir iqtisodiy ahvol sababchi”, - deydi Mina Ahmadi, uy bekasi.

300 dan ziyod kundalik o’limlarning yarmidan ko’pi poytaxt Tehronga to’g’ri keladi. Prezident Hasan Ruhoniyga ko’ra, mamlakat virusning katta to’lqini bilan yuzlashmoqda va kuchli choralar ko’rishga majbur.

“Hukumat hozirgi vaziyatda aholiga moliyaviy yordam berishi kerak. Shunda kamroq odam ko’chaga chiqadi”, - deydi tehronlik Zahra Baroti.

“Odamlar chorasiz. Xalq iqtisodiy vaziyat tufayli bosim ostida. Uyda o’tirib, virusni bartaraf etsa bo’ladi, lekin tirikchilik bunga yo’l qo’ymaydi”, - deydi do’kon egasi Said Mansuri.

Tehron epidemiyaga qarshi choralar samara bermayotganida qisman AQSh sanksiyalarini ayblaydi.

Ayrim ekspertlar koronavirus bo’yicha hukumat berayotgan raqamlarga ishonmaydi. Joriy yilning aprelida Eron parlamenti qoshidagi tadqiqot markazi kasallikdan o’lganlar soni rasmiy raqamlardan ikki karra ko’proq, deya xulosa qilgan.