Iroqda yangi mudofaa va ichki ishlar vaziri tayinlandi

  • Amerika Ovozi

Shimoliy shahar Mosuldan chiqqan Xolid al-Obidiy, sunniy siyosatchi, endi Mudofaa vaziri

Iroq parlamenti bugun mudofaa va ichki ishlar vaziri etib yangi odamlarni tayinladi. Haydar al-Abadiy boshchiligida yangi hukumat shakllanmoqda.

Qonunchilar "Islomiy davlat" asosiy dushman va butun e'tiborni uni yo'q qilishga qaratmoq lozim deya e'lon qildi.

Mosul shahridan chiqqan sunniy siyosatchi Xolid al-Obidiy yangi mudofaa vaziri. Shia qonunchi Muhammad al-G'abbon esa ichki ishlar vaziri.

Bu ikki vazirlik tepasiga kelgan odam shubhasiz juda muhim vazifalarni o'z bo'yniga oladi.

Ularning biri sunniy, ikkinchisi shia ekani, hukumat birdam ekanidan dalolat, deydi Bosh vazir Abadiy.

Iroq hukumati shu tariqa Amerika quvvatlovini olib, harbiy va moliyaviy yordam oshadi degan umidda.

Vashington o'zgarishlarni olqishlab, armiyaga ko'mak ko'lami kengayadi deya bildirmoqda.

Kecha Bag'doddagi portlashda 24 kishi o'lgan. Bir necha joyga bomba qo'yilgan, biri shia mahalladagi kafega. Hujum kimning ishi ekani aniq emas, lekin rasmiylar bu jangarilar qilmishi deydi.