AQSh havodan Iroq ahliga gumanitar yordam yetkazdi

  • Amerika Ovozi

Iroqning Amirli shahri, 31-avgust, 2014-yil

AQSh Mudofaa vazirligiga ko’ra, Qo’shma Shtatlar Iroqda Islomiy Davlat pozitsiyalarini o’qqa tutib, Amirli shahriga havodan gumanitar yordam tushirgan. Ikki oy Islomiy Davlat jangarilari qamalida bo’lgan shaharda oziq-ovqat, dori-darmon, ichimlik suvi tanqis.

Pentagon matbuot kotibi kontr-admiral Jon Kirbining aytishicha, Avstraliya, Britaniya, Fransiya ham shaharga gumanitar yordam yetkazgan. Islomiy Davlat jangarilari uni qo’lga kiritmasligi uchun AQSh ularga havodan zarba bergan.

Ayrim davlatlar kabi Avstraliya ham jangarilarga qarshi kurashayotgan kurd kuchlarini qurol bilan ta’minlashini bildirdi.

Avstraliya Bosh vaziri Toni Ebbot Iroqdagi vaziyatni gumanitar inqiroz deb atagan.

Kecha Amirli shahrini ozod etish uchun Iroq va kurd harbiylari jangarilarga qarshi yirik hujum boshlagan. AQSh havo hujumlari tufayli qamalga barham berildi.

Germaniya razvedkasiga ko’ra, mamlakatdagi yosh musulmonlar Islomiy Davlat tashviqotiga uchmoqda. Razvedka kamida 400 germaniyalik musulmonning bu guruh safiga qo’shilganini, besh nafari suiqasd xurujida ishtirok etganini aytadi.

AQSh davlat kotibi Jon Kerrining ma’lum qilishicha, 5-sentabr kuni Uelsda bo’ladigan NATO sammitida Qo’shma Shtatlar hamkor davlatlar bilan Iroqda sunniy ekstremistlarga qarshi kurashish uchun koalitsiya tuzish xususida gaplashadi.