"Irma" to'foni Florida shtatiga ulkan zarar keltirgan

  • Amerika Ovozi

Florida to'fon ostida

5,6 million odamning hayoti tahdid ostida qolib, 3,5 million aholi elektr quvvatidan ayrildi. "Irma to'foni Floridaga 300 milliard dollarga yaqin zarar keltirgan bo'lishi mumkin. To'fon kuchini yo'qotib, sohildagi shahar va qishloqlarda suv toshqinlari avj olishi kutilmoqda.

Karib dengizi bo'yidagi orollar va Kubani qaqshatgan "Irma" dovuli yakshanba saharda Florida shtatining oromgoh Ki Vest orol shahriga yetib bordi.

4-kategoriyali dovul soatiga 215 kilometr tezlikda esib, qattiq jala quydi. Keyin esa shtatning g'arbiy qismidagi aholi zich shaharlar tomon yo'l oldi.

Meksika bo'g'ozining Florida qismida to'lqinlar 3-4 metr balandlikka ko'tarilib, dovul Neapol, Fort-Mayers shaharlarini urdi, keyin esa Tampa tomon yo'naldi. Tampa, deydi mutaxassislar, "Irma"ning eng qaqshatqich zarbasini boshdan kechirgan bo'lsa ajab emas.

Mayami va Sankt-Peterburg shaharlari ham "Irma" qahriga uchradi.

Florida gubernatori Rik Skot dovul asoratlari cheksiz deya ogohlantirmoqda. Shtatda favqulodda holat e'lon qilingan. Minglab odam shtatdan evakuatsiya qilingan, minglab floridaliklar shtatning o'zida maxsus boshpanalarda jon saqlamoqda.

Gubernator hamshira va boshqa mutaxassislarga murojaat qilib, dovul asoratlarini yo'qotishda yordamini ayamaslikni so'ragan. Uning murojaatiga 75 mingdan ziyod ko'ngilli ijobiy javob berib, 400 ta favqulodda boshpanada ro'yxatdan o'tdi.

Prezident Donald Tramp va uning mahkamasi Merilenddagi Kemp-Deyvid qarorgohida o'tgan majlisda vaziyatni muhokama qilgan.

"AQSh Sohil bo'yi xizmati, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, federal idoralar va shtatning barcha mard insonlari dovulga tayyor. "Irma" kelmoqda! Yaratgan madadkor bo'lsin!", deb yozdi Tramp "Twitter"da.

Ikki hafta oldin "Xarvi" dovuli Texas shtatiga o'lim va vayrona keltirgan edi.

Floridaning Ki Vest, Fort-Mayers, Mayami shaharlarida ko'plab o'zbeklar yashaydi. Ba'zilari uy-joyini tashlab, xavfsizroq shtat va shaharlarga chiqib ketmoqda.