Koalitsiya "Islomiy davlat" manzillarini bombardimon qilayapti

  • Amerika Ovozi

Kobani, Suriya

Amerika boshchiligidagi koalitsiya Suriyaning Kobani shahrida bugun ham "Islomiy davlat" jangari guruhining manzillarini bombardimon qilayapti.

Maqsad qo'shni Turkiyadan kurd jangchilarining Kobaniga kirib olishi uchun imkon yaratish. Iroq Kurdistonidan safar qilayotgan va puxta qurollangan peshmerga askarlari Suriyadagi mahalliy kurdlar va koalitsiyaga yordam berishi kutilmoqda.

Asosan kurdlar yashovchi Kobani shahrida mana salkam ikki oydirki "Islomiy davlat" jangarilari o'rnashib olgan.

Sunniy bu guruh Iroq va Suriyada katta hududlarni bosib olib, shia musulmonlar, nasroniylar va boshqa elat-din ahlini qirmoqda. Bag'dod g'arbida jangarilar qarshilik ko'rsatishga jur'at etgan 200 dan oshiq iroqlikni qatl etgani aytiladi.

Kecha, payshanba kuni 10 nafar peshmerga jangchisi Kobaniga borib, mahalliy kurdlar bilan kurash strategiyasini muhokama qilgan. Yana kamida 150 pehsmerga askari tez kunda jangga kirishishi kutilayapti.

Hafta boshida Ozod Suriya armiyasining qariyb 200 jangchisi Kobaniga yetib borib, koalitsiyaga yordam bera boshlagan.