Isroil va Turkiya aloqalarni tikladi, G'azoga ko'mak yuboriladi

  • Amerika Ovozi

Isroil va Turkiya munosabatlarini normallashtirishga kelishib oldi. Ikki davlat aloqalari 2010-yilda uzilgan edi. O’shanda Isroil Turkiya G’azo Sektoriga yuborgan kemaga hujum qilib, 10 nafar turk fuqarosi o’lgan edi.

Kemada falastinliklar uchun gumanitar yordam bo’lgan, ammo Isroil uni o’tkazmagan. Shundan so’ng Anqara uzr so’rashni, nobud bo’lgan fuqarolari uchun tovon puli to'lashni va G’azo qamalini bekor qilishni talab qilgan edi.

Isroil bosh tortgach, Turkiya u bilan aloqalarni to’xtatib qo’ydi. Oradan olti yil o’tib, tomonlar munosabatlarni jonlantirish uchun amaliy qadamlar qo’ymoqda.

Isroil rasmiylaridan birining aytishicha, uning hukumati munosabatlarni tiklash maqsadida kemaga hujum uchun uzr so’rab, nobud bo’lganlar oilalari va jarohat olganlarga jami 20 million dollar tovon puli to’laydi.

Kelishuvga ko’ra, ikki mamlakat elchilari faoliyatini davom ettiradi.

Shuningdek, Isroil Turkiyaning G’azoga gumanitar yordam yuborishiga, infratuzilma loyihalarida, jumladan Isroil harbiy harakatlaridan vayron bo’lgan uylarni tiklash ishlarida, kasalxona qurilishida ishtirok etishiga qarshi emas.

Turkiya G’azoga suv va elektr ta’minotida ham yordam beradi.