BMT Turkiya va Isroil til topisha oladi degan umidda

Anqarada Isroilga qarshi namoyishlar

Turkiya Isroil bilan aloqalarini cheklab, harbiy hamkorlikni bas qilib, bu davlat elchisini chiqarib yuborgani xalqaro maydonda keng muhokamada va ayniqsa, Birlashgan Millatlar Tashkilotini xavotirga solmoqda.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun tomonlar kelishib oladi degan umidda.

“Har ikki davlat mintaqa tinchligini ta’minlashda muhim o’ringa ega. Ular orasidagi keskinlik vaziyatni izdan chiqarishi mumkin”,- deydi Pan Gi Mun.

Kelishmovchilik o’tgan yili G’azo sektoriga ketayotgan turk kemasiga qilingan hujum bilan bog’liq. Isroil kuchlari o’shanda bortdagi to’qqiz turkni o’ldirgan.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun

Voqeani o’rganib chiqqan BMT hay’ati Isroilni aybdor deb topgan.

Hujum va bortdagilarning nima uchun o’ldirilgani borasida Isroil yetarlicha sabab ko’rsata olmadi, deyiladi BMT hay’ati hisobotida.

Lekin bu hujjatda yana shu ham qayd etiladiki, Isroil kuchlari kemani qo’lga olganda, turklar ularga qarshi qurol ishlatgan.

Turkiya nazarida hisobotning ahamiyati yo’q, Isroil qilmishi uchun kechirim so’rashi va hujum xato bo’lganini tan olishi kerak, lekin yahudiy davlati bundan yiroq.