Isroil Turkiyaga 2010-yil hodisasi uchun 20 million dollar taklif qildi

  • Amerika Ovozi

2010-yil may oyida G'azo Sektori yaqinida Isroil hujumiga uchragan "Moviy Marmara" turk kemasi

Isroilda chiqadigan gazetada aytilishicha, Isroil hukumati 2010-yilda turk fuqarolariga qarshi reydda ko’rilgan talofatlar uchun 20 million dollar kompensatiya taklif etgan. O’shanda qamal ostidagi G’azo Sektoriga gumanitar yuk olib ketayotgan kema Isroil maxsus kuchlari hujumiga uchrab, to’qqiz turk fuqarosi nobud bo’lgan edi.

Gazeta bu ma’lumotni muzokaralardan xabari bor G’arb diplomatidan olganini aytadi. Turkiya bu taklifga hali javob bergani yo’q.

G’azo yaqinidagi voqeadan so’ng ikki davlat munosabatlari sovuqlashgan edi. Anqara Isroildan uzr so’rashni hamda qurbonlar oilalari va jabr ko’rganlarga kompensatsiya to’lashni talab qilgan edi.

Isroil voqeadan uch yil o’tgach Turkiyadan rasman uzr so’radi va tomonlar o’tgan yil boshida kompensatiya xususida muzokara boshlagan, ammo jarayon bir necha oyga to’xtab qolib, Turkiya kompensatsiya miqdorini pasaytirgach dekabrda davom etgan.

Isroil gazetasiga ko’ra, Turkiya avvaliga 30 million dollar talab qilgan, Isroil esa 15 million dollar berishga tayyor edi.

Shundan so’ng, deyiladi maqolada, bosh vazir Benyamin Netanyaxu muzokarachilariga yana besh million dollar qo’shib berishini, lozim bo’lsa, yana uch million qo’shishga tayyor ekanini bildirgan.

Pul jabr ko’rgan odamlar va oilalarga bevosita berilmaydi, balki maxsus jamg’arma ta’sis etiladi.