Xalqaro Fazo stansiyasida ekipaj almashadi

  • Amerika Ovozi

Yil oxiriga borib, Xalqaro fazo stansiyasi tashkil etilganiga 20 yil to'ladi. Iyun oyida stansiyaga yangi ekipaj yo'l olmoqda. Unga germaniyalik astronavt Aleksandr Gerst boshchilik qiladi. Komanda NASA, Fazoviy tadqiqotlar agentligida treningdan o'tmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro fazo stansiyasi faoliyatiga 20 yil

Skafandrlarni kiyib olgan astronavtlar maxsus platformada turishibdi. Basseyn ichida Xalqaro fazo stansiyasining asl hajmdagi nusxasi bor. Aleksandr Gerst va amerikalik fazogir Serena Onon-Chanselor 12 metr chuqurlikdagi suvga sekin tushiriladi.

Mashg’ulotlar kuniga olti soatdan. Koinotda kutilmagan holatlarga tayyorgarlik bu. Gerst stansiyaga oldin ham uchgan, tajribasi bor.

“Birinchi marta uchganda juda ko'p informatsiya berishadi. Hammasini eslab qololmaysiz”, - deydi u.

Fazogirlar simulyator ichida ham favqulodda vaziyatlar uchun mashg'ulotlardan o'tishadi. Chunki Yerdan 400 kilometr balandlikda sizga boshqa hech kim yordam berolmaydi.

Ularning har bir harakatini mutaxassislar baholab boradi.

Faqatgina kosmosda qilsa bo'ladigan ilmiy eksperimentlar ham bor. Masalan, saraton hujayralari bilan.

“Vaznsizlik holatida hujayralar suyuqlik ichida o'zini boshqacha tutadi,
inson tanasidagi kabi harakatlanadi", - deydi Gerst.

Yangi ekipajning ilk bor Saymon nomli mobil yordamchisi ham bo'ladi. "Airbus" korporatsiyasi qurgan vosita.

“Interaktiv, erkin uchib yuradigan moslama. Uzoq muddatli topshiriqlar paytida stressni kamaytirishda yordam beradi”, - deydi loyiha rahbari.

32 santimetrli, shar shaklidagi moslamaga sun’iy intellekt o’rnatilgan, o’zi harakatlanadi. Turli muammolarni yechishda qo’l keladi, qolaversa zeriktirmaydi.

Sun'iy intellekt uzoq parvozlar davomida vositachilik qila oladimi? Olimlar shuni sinab ko'rmoqchi.

“Saymonning vazifasi - ekipaj a'zolari orasida uyg'unlikni ta'minlash, vaziyatni yengillashtirish, yechimlar taklif etish”, - deydi loyiha rahbari.

Treninglarni yakunlab, Xalqaro fazo stansiyasiga qaytishni orziqib kutyapman, deydi ekipaj kapitani.