"Jihodchi Jon" yo'q qilindi

  • Amerika Ovozi

Quvaytda tug'ilgan bu qonxo'r jangarining asl ismi Muhammad Emvazi. U dahshatli qotilliklarni sodir etgan, ayniqsa, g'arblikning kallasini olgan.

Amerika harbiylari Suriyaning Raqqa shahrida "Islomiy davlat" to'dasi vakili, "Jihodchi Jon" deya tanilgan jangarini havodan nishonga oldi.

Quvaytda tug'ilgan, Britaniya fuqaroligi bor bu qonxo'r jangarining asl ismi Muhammad Emvazi. Payshanba kungi hujumda u o'lgan, xususan, uning mashinasi o'qqa tutilgan.

Britaniya Bosh vazir Deyvid Kameronning aytishicha, Emvazi haqiqatda yo'q qilingan bo'lsa, bu "Islomiy davlat" to'dasining qoq yuragiga sanchilgan zarba bo'ladi. Britaniya ahliga yoki ittifoqchilarga ziyon qilgan insonning holi ana shu bo'ladi, deydi Kameron.

Emvazi jangarilar internetga joylagan videolarda dahshatli qotilliklarni sodir etgan, ayniqsa, g'arblik asirlarning kallasini olgan.

U, jumladan, amerikalik jurnalistlar Stiven Sotloff va Jeyms Fouli, AQSh gumanitar tashkiloti xodimi Abdul Rahmon Kassig, Britaniya insonparvarlik tashkilotlari ishchilari Deyvid Heyns va Allan Henning, yaponiyalik jurnalist Kenji Goto va boshqalarni qatl etgan.

Emvazi 20 yoshlar atrofida, Londondagi to'kis oilada o'sib katta bo'lgan. Afrika va Yaqin Sharqqa oxirgi yillarda qilgan safarlari chog'ida qarashlari radikal, ekstremistik tus olgan.