Kerri Karzay bilan xavfsizlik bitimi bo'yicha qisman kelishdi xolos

  • Amerika Ovozi

Kobul, 12-oktabr, 2013

AQSh davlat kotibi ikki kun Afg’onistonda bo’lib, ikki davlat o’rtasida kelasi 10 yilga mo’ljallangan sheriklik bitimi loyihasi xususida prezident Hamid Karzay bilan gaplashdi. Ikkisining aytishicha, tomonlar hujjatni imzolashga yaqin turibdi, biroq bir masala muhokamasi keyinga qoldirildi.

Xususan, Qo’shma Shtatlar 2014-yildan keyin Afg’onistonni xalqaro kuchlar tark etgach oz sonli qo’shinlarini mamlakatda qoldirib, Kobuldan ularning daxlsizligini kafolatlashni so’ramoqda.

"Agar bu masala hal etilsa, Afg’oniston xalqi ikki tomonlama xavfsizlik bitimidan katta foyda ko’radi", - deydi Jon Kerri.

Qo’shma Shtatlar o’z harbiylarining Afg’onistonda sodir etgan jinoyatlari bilan o’zi shug’ullanishni taklif qilmoqda. Karzayning aytishicha, buni hukumat emas, afg’on xalqi hal qiladi.

"Masala yechimi xalq vakillari bo’lgan Loyi Jirg’a, ya’ni oqsoqollar kengashi va parlament qo’lida. Menda bunga vakolat yo'q", - deydi Karzay.

Agar bitim imzolanmasa, AQSh 2014-yildan so’ng Afg’onistonda birorta askarini qoldirmaydi.

Loyi Jirg'a kelasi hafta uchrashadi, shundan so'ng masala parlamentda ko'riladi.