Kerri Malayziyada Janubiy Xitoy dengizi masalasini ko'tardi

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Kuala-Lumpurda, 5-avgust, 2015-yil

Bugun AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Malayziyada Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi forumida qatnashmoqda. Undan oldin Kerri Xitoy tashqi ishlar vaziri bilan uchrashib, Janubiy Xitoy dengizi orollaridagi qurilishlar yuzasidan xavotir bildirdi. Xitoyga qo'shni davlatlar dengizning bir qismiga da'vo qiladi va qurilishlarga qarshi.

Kerri AQSh-ASEAN tashqi ishlar vazirlari majlisida ham mavzuni ko'tardi.

"Qo'shma Shtatlar ASEAN a'zolarining Janubiy Xitoy dengizida tinchlik va barqarorlikni saqlash istagini qo'llab-quvvatlaydi", - dedi davlat kotibi.

Unga ko'ra, tashkilot bahslarning tinch yo'l bilan, xalqaro qonunlar asosida hal etilishi tarafdori.

AQSh va Filippin Xitoydan orollardagi qurilishlarni to'xtatishga chaqirib keladi. Pekin hudud uniki ekanini aytib, masalani ASEAN kabi mintaqaviy guruhlar majlisida muhokama qilishdan bosh tortmoqda.

Xitoy vaziri Van Ining aytishicha, dengiz bo'yicha mojaro Xitoy va ASEAN o'rtasidagi mavzu emas. Shunga qaramasdan Xitoy vaziri muxbirlarga orollarda qurilish to'xtatilganini ma'lum qildi.

Kerri va Van kiber-xavfsizlik, inson huquqlari va Xitoy Prezidenti Si Zinpinning sentabrda AQShga rejalangan tashrifi haqida ham gaplashgan.

Kerri bugun Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashishi kutilmoqda.

Malayziyadan so'ng davlat kotibi Vyetnamga safar qiladi.