Kerri qonunchilarni Eron masalasida bosiqlikka chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh davlat kotibi Jon Kerri (o'ngda) Senat Bank qo'mitasi a'zosi Jo Manchin bilan, Vashington, 13-noyabr, 2013-yil

AQSh davlat kotibi Jon Kerri Senatning Bank qo’mitasida Eron yadro dasturi bo’yicha ketayotgan muzokaralar xususida hisobot berib, qonunchilarni Tehronga yangi sanksiyalar qo’ymaslikka chaqirdi. Muzokarachilarga bir oz vaqt bering, hozir Eronga bosimni kuchaytirish mavridi emas, dedi Kerri.

"Eron yadro dasturi tinch maqsadlarga qaratilganiga amin bo’lish uchun bu muzokaralardan to’liq foydalanishimiz kerak", - dedi AQSh davlat kotibi.

Ayrim senatorlar nazarida Eron qo’shimcha sanksiya bilan siylansa, muzokaralarda murosa qilishi osonroq bo’ladi.

Kerrining o’tgan hafta aytishicha, Jenevada o’tayotgan muzokaralar jarayonning boshlanishi va xulosa chiqarishga shoshmaslik kerak.

Eron muzokaralarda unga shu kungacha qo’yilgan iqtisodiy va moliyaviy sanksiyalarni yumshatishni so’ramoqda. Ammo Tehron uran boyitishga haqlimiz deya, bu amaliyotdan voz kechmoqchi emas.

Eronni yadro quroli ustida ishlayotganlikda ayblayotgan AQSh va G’arb davlatlari undan dasturga doir barcha ma’lumotlarni oshkor etishni talab qilmoqda.

Amerikalik senator Bob Korkerning aytishicha, Qo’shma Shtatlar o’z pozitsiyasida yetarlicha qattiq turmayapti.