AQSh va Rossiya Suriya yuzasidan kelishib oldi

  • Amerika Ovozi

Rossiya va AQSh bosh diplomatlari Jon Kerri va Sergey Lavrov, Jeneva, 14-sentabr, 2013


Your browser doesn’t support HTML5

"Amerika Ovozi" xabarlari, 14-sentabr, 2013


Qo’shma Shtatlar va Rossiya Suriya bo’yicha siyosiy reja ustida kelishib olgan. Bashar al-Assad ma’muriyati bir hafta ichida iznidagi barcha kimyoviy qurollar va vositalar ro’yxatini topshirishi shart.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bugun bu borada Jenevadan turib e’lon qildi.

“Assad tuzumi shartni qanday bajarayotganini birgalikda tekshiramiz va uning qo’li ostidagi materiallar va qurollar xalqaro hamjamiyat nazoratiga o’tishini ta’minlashga bel bog’laganmiz”,- deydi Kerri.

Bosh diplomat deydiki, Suriya hukumati barcha inshootlarni ko’zdan kechirish uchun zarur sharoit yaratishi kerak. Jamiki qurol va vosita mamlakat tashqarisiga olib chiqilib, barbod qilinadi.

Agar Suriya reja asosida ish tutmasa, BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasiga binoan jazolanadi.

AQSh prezidenti Barak Obama kelishuvni diplomatik yutuq deya baholab, dunyo ahlini Assadga bosimni susaytirmaslikka undamoqda.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bu kelishuv tarkibida kuch ishlatish haqida biror band yo’q deydi.

Muzokaralar uch kun davom etdi. Unda BMT-Arab Ligasining Suriya bo’yicha vakili Lahdar Brahimiy ham qatnashgan.

Assad hukumati va’dasida tursa, Amerika unga nisbatan harbiy chora ko’rish ahdidan qaytadi.

Vashington Damashqni o’tgan oy zaharli gaz qo’llab bir yarim mingga yaqin begunoh fuqaroni o’ldirganlikda ayblamoqda. Kimyoviy qurol ishlatilgani va uni aynan hukumat qo’llagani yuzasidan biror shubha yo’q, deydi diplomatlar. Assad va uning boshqaruvi esa bu jinoyatlarni jangarilar, isyonchilar amalga oshirgan deydi.

AQSh rasmiylarining diqqati Suriyadagi 45 inshootda. Kimyoviy qurollar aynan shu yerlarda saqlanadi, deydi ular.

Fransiya va Britaniya yuqoridagi kelishuvni olqishlamoqda. Ular Suriya masalasi yuzasidan Amerika bilan hamfikr.

BMT Bosh Kotibi Pan Gi Mun ham rejani yoqlagan.

Lekin Suriya muxolifati va isyonchi kuchlar unga qarshi. Ular na Rossiya va na Assadning va’dalariga ishonadi. Quruq gaplar bu, deydi muxolif qo’shinlar qo’mondoni general Salim Idris. “Biz Assadga qarshi jangni davom ettiramiz”,- deydi u.

Suriya hukumati qo’lidagi kimyoviy qurollar haqida hisobot berish uchun bir oy so’ramoqda.