AQSh suriyalik isyonchilarga qo'shimcha 123 mln. dollar beradi

  • Amerika Ovozi

AQSh davlat kotibi Jon Kerri (o'ngda), Turkiya tashqi ishlar vaziri Ahmat Dovuto'g'li (o'rtada) va Suriya muxolifati rahbari Muaz al-Xatib Istanbulda "Suriya do'stlari" majlisida qatnashmoqda, 21-aprel, 2013-yil

AQSh davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, Qo’shma Shtatlar Suriya muxolifatiga yordamni ikki karra oshirib, qo’shimcha 123 million dollar ajratadi. Kerri bu haqda Istanbulda so’zlagan. U Suriya isyonchilariga yordam berayotgan 11 davlat tashqi ishlar vazirlari majlisida qatnashgan.

AQSh Suriya muxolifatini qo’llab-quvvatlagani bilan uni qurol bilan ta’minlamaydi, ammo harbiy anjomlar berib turadi. Oq uy qurol islomiy jangari guruhlar qo’liga tushishidan xavotirda. Ammo Qatar va Saudiya Arabistoni kabi ittifoqchi davlatlarning isyonchilarni qurollantirishiga qarshi emas. Qo’shimcha mablag’ qanday maqsadda ishlatilishi aytilmayapti.

Kerri boshqa davlatlardan Suriya muxolifatiga yordamni ko’paytirishni so’rab, maqsad umumiy mablag’ miqdorini bir milliard dollarga yetkazish ekanini aytmoqda. Qo’shma Shtatlar 250 million dollar bermoqda.

Amerika davlat kotibining aytishicha, mojaro qo’shni davlatlarga ham yoyilmoqda, bu esa ularning xavfsizligiga tahdiddir.